Videoqo‘llanmaning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:
01
Nima bo‘ldi?
2025-yilning 1-mayidan boshlab O‘zbekistonda jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni bojsiz olib kirishning yangi qoidalari kuchga kirdi. Vazirlar Mahkamasi import limitlarini kamaytirib, kuryerlik va pochta jo‘natmalari ustidan nazoratni kuchaytirdi hamda ayrim tovarlar uchun aniq cheklovlar joriy etdi.
Shunungdek, 20-iyuldan boshlab biologik faol qo‘shimchalar (BAD), tamaki mahsulotlari va atir-upalar uchun miqdoriy cheklovlar amal qila boshlaydi.
02
Bojxona bojlari va bojsiz olib kirish nima degani?
Bojxona boji — tovarlarni chegara orqali olib kirish yoki olib chiqish uchun to‘lanadigan majburiy to‘lov.
O‘zbekistonda, boshqa mamlakatlardagi kabi, shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallangan tovarlarni boj to‘lamasdan olib kirish mumkin bo‘lgan chegara mavjud. Bunday holat bojsiz olib kirish deb ataladi. U faqat tovarning qiymati, miqdori va maqsadi bo‘yicha belgilangan chegaralarga rioya qilingan taqdirda qo‘llaniladi.
Asosiy sharti shuki, tovar qayta sotish uchun mo‘ljallanmagan bo‘lishi kerak. Agar belgilangan chegara oshib ketsa, farqidan import boji undiriladi.
Xarid hajmi yoki xususiyati tijorat maqsadida olib kirilayotganiga shubha uyg‘otsa masalan, ko‘p miqdordagi bir xil tovarlar yoki texnika, hatto cheklar mavjud bo‘lsa ham, boj butun summaga hisoblanishi mumkin. Bunday holatlarda, xuddi tijorat maqsadidagi import kabi, tovarlarni rasmiylashtirish umumiy tartibda amalga oshiriladi.
03
Limitlar qanday o‘zgardi?
1-maydan boshlab havo transportida $1000 gacha tovarlarni bojsiz olib kirish mumkin. Avval bu $2000 ni tashkil etardi. Temir yo‘l va daryo transporti orqali avval $1000 bo‘lgan bo‘lsa, hozir $500 ga tushirilgan. Xalqaro jo‘natmalar orqali esa amaldagi har chorak uchun $1000 limitdan oyiga $200 gacha o‘zgargan.
Avtomobil va piyoda o‘tish punktlari uchun $300, xalqaro pochta jo‘natmalari orqali olib kelinadigan tovarlar uchun esa $100 miqdoridagi normalar o‘zgarishsiz qoldirildi.
Yana bir o‘zgarish, fuqarolar tovarlarni bojsiz olib kirishlari uchun xorijda belgilangan muddatlargacha bo‘lishlari kerak. Bu havo transportida 3 kungachani, qolgan holatlarda esa 2 kungachani tashkil etadi. Tovarlar uchun ularning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
04
Cheklovlar nima uchun joriy etildi?
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bojsiz olib kirish me’yorlaridan muntazam ravishda qonunni chetlab o‘tish maqsadida foydalanilgan. Ba’zi fuqarolar chegarani oyiga ko‘p marta kesib o‘tib, amalda chakana savdo bilan shug‘ullanishgan. Bir kishi bir yil davomida 2−3 tonnagacha tovar olib o‘tishi mumkin bo‘lgan.
2024-yilda kuryerlik jo‘natmalari soni uch barobarga ko‘payib, 5,7 mln donaga yetdi. Ba’zi qabul qiluvchilar yiliga 400 tagacha jo‘natma olishgan.
Qo‘mitaning fikricha, xorijda bo‘lishning yangi cheklovlari, muddatlari bunday sxemalarning qisqartirishiga imkon beradi.
05
Hammasi tushunarli. Ammo menga qanday ta’sir qiladi?
Aytaylik, siz biron bir xorijiy marketpleysdan mahsulotlarga buyurtma bersangiz va yetkazib berish kuryerlik xizmati orqali amalga oshirilsa, bu jo‘natmalar oyiga $200 lik cheklovga mos keladi. Bu cheklov buyurtmalar va sotuvchilar sonidan qat’i nazar, kalendar oyidagi barcha jo‘natmalarga taalluqlidir.
Agar buyurtmalarning umumiy qiymati ushbu limitdan oshib ketsa, o‘rtadagi farqdan 30% bojxona boji undiriladi. Masalan, siz bir oyda $80, $90 va yana $90 lik uchta jo‘natma olgan bo‘lsangiz, jami $260 qiymatning oxirgi $60idan $18 miqdorida to‘lov undiriladi.
06
Xorijda bo‘lish muddati qanday aniqlanadi?
Bojxona qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bojxona organlari 50 ga yaqin aviakompaniyalar bilan o‘zaro axborot almashinuvini yo‘lga qo‘ygan. Xalqaro aeroportlarda yo‘lovchilar, ularning bagajlari va xorijda bo‘lgan muddatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ular mamlakatga yetib kelmasidan oldin shakllanadi. Bu xalqaro aeroportlar orqali harakatlanuvchilarni tig‘iz vaqtlarda ham tezkor bojxona nazoratidan o‘tkazishni ta’minlaydi.
Qarorning ushbu qismi, ya’ni xorijiy davlatlarda 2−3 kun bo‘lish talabi 2025-yilning 20-iyulidan kuchga kirishi sababli, hozirda bu jarayon qanday bo’lishi ustida ish olib borilmoqda.
07
Tovarlar narxi qanday hisoblanadi?
Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda chegara olib o‘tiladigan tovarlarning bojxona qiymati cheklar, kvitansiyalar yoki boshqa tijorat hujjatlari asosida aniqlanadi.
Agar fuqaro tasdiqlovchi hujjat va ma’lumotlarni taqdim etmasa, mazkur tovarlarning qiymati ilgari olib kirilgan shu turdagi tovarlar ma’lumotlari asosida tekshiriladi.
08
Bojxona to‘lovini qanday to‘lash mumkin?
Limit oshganda boj to‘lovi ularning to‘liq qiymatidan 30%, lekin har bir kg uchun $3 dan kam bo‘lmagan miqdorda yagona to‘lov undirilib, to‘lov rasmiylashtirilgan kundagi kurs bo‘yicha so‘mda amalga oshiriladi.
Xorijga chiqqanda — to‘lov to‘g‘ridan-to‘g‘ri bojxonada, Markaziy bank kursi bo‘yicha so‘mda qabul qilinadi. Deklaratsiyani xodim rasmiylashtiradi, lekin yoningizda cheklar bo‘lgani ma’qul.
Onlayn buyurtmalarda — kuryerlik xizmatidan summa va yo‘riqnoma ko‘rsatilgan xabarnoma olasiz. Quyidagi usullarda to‘lash mumkin:
- O‘zbekiston pochtasida (shaxsan yoki ilova orqali);
- bank yoki mobil banking orqali;
- yetkazib berish xizmatining sayti yoki ilovasi orqali (agar qo‘llab-quvvatlansa).
09
Agar to‘lovga mablag‘ yetmasa-chi?
Unda ularni chegara postlarida vaqtincha saqlovga olish joylarida qoldirishga to‘g‘ri keladi. Fuqarolar 30 kun ichida to‘lovni amalga oshirgach, tovarni olishlari mumkin.
10
Nechta jo‘natma rasmiylashtirilganini qanday tekshirish mumkin?
My.gov.uz portalida onlayn xizmat mavjud bo‘lib, unga JShShIR ni kiritgan holda nomingizga rasmiylashtirilgan xalqaro jo‘natmalarni bilib olishingiz mumkin. Tekshirish uchun:
- havolaga o‘ting yoki “Bojxona” bo‘limidan “Jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari orqali kelayotgan tovarlar haqida ma’lumot” xizmatini toping;
- OneID orqali tizimga kiring;
- tizim sizning nomingizga ro‘yxatga olingan barcha jo‘natmalarni avtomatik tarzda ko‘rsatadi.
Shuningdek, xalqaro jo‘natmalarni E-Tijorat mobil ilovasi orqali ham kuzatish mumkin. Buning uchun ilovani o‘rnatib, shaxsiy ma’lumotlarni kiritishingiz kerak, shundan so‘ng tizim rasmiylashtirilgan jo‘natmalar ro‘yxatini ko‘rsatadi. Ayrim kuryerlik kompaniyalari ham ushbu ilova orqali yoki jo‘natma ma’lumotlarida ko‘rsatilgan telefon raqam yoki elektron pochtaga xabarnomalar yuboradi.
11
Agar noma’lum jo‘natma kelsa nima bo‘ladi?
Ba’zan xalqaro jo‘natmalar shaxsning xabari bo‘lmagan holda uning nomiga ro‘yxatga olinadi. Bu holat kimdirda shaxsiy ma’lumotlaringiz bo‘lgan holatda bo‘lsa yuz berishi mumkin — masalan, cheklovni chetlab o‘tish yoki haqiqiy qabul qiluvchini yashirish maqsadida.
Bunda nomiga buyurtma mavjuda shaxs hatto jo‘natmani qabul qilmasligi ham mumkin — u shunchaki nomga rasmiylashtirilgan bo‘ladi. Buni faqat my.gov.uz portali orqali aniqlash mumkin.
Tekshirish davomida, jo‘natmalar ro‘yxatida notanish buyurtmani ko‘rsangiz:
- uning holatini aniqlang;
- ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, kuryerlik xizmati bilan bog‘laning;
- zarurat tug‘ilganda Bojxona qo‘mitasiga murojaatnoma yuboring.
Hozircha bunday jo‘natmalarni ro‘yxatdan o‘chirish tartibi belgilanmagan.
O‘zga shaxsning nomiga uning roziligisiz tovarlar olib kelish shu turdagi huquqbuzarliklar turiga kirib, bu kabi holatlar aniqlangan taqdirda bojxona organlari tomonidan ushbu kuryerlik tashkilotlariga nisbatan tegishli chora ko‘riladi.
12
Yana nimalar o‘zgaradi?
20-iyuldan boshlab quyidagilarni olib kirishga miqdoriy cheklovlar ham kuchga kiradi:
- Biologik faol qo‘shimchalar: 10 dona flakon suyuqlik, 0,5 kg kukunli qo‘shimchalar, 100 ta tabletka yoki 4 PET idishlarda kapsulalar;
- Tamaki mahsulotlari: 200 donagacha sigareta, 5 ta sigara hamda 100 gramm tamaki;
- Atir va ifor tarqatuvchi suvlar: ko‘pi bilan 3 ta idish va jami 300 ml.dan oshmasligi kerak.