Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida Sea Breeze Uzbekistan sayyohlik majmuasi hududini ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlandi. Bu haqda Spot‘ga Agalarov Development kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yaqinda Agalarov Development prezidenti va Sea Breeze Resort egasi Emin Agalarov O‘zbekistonga tashrif buyurib, Chorvoqdagi sayyohlik majmuasining qurilish maydonida bo‘lgandi. E‘lon qilingan kadrlarda obyektda maxsus texnikalar yordamida yer ishlari olib borilayotgani, suv ombori qirg‘og‘i bo‘ylab esa palmalar o‘tqazilgani ko‘rinadi.
“Men Bokuda shunday palmalardan 4 mingtachasini ekkanman — har bittasi 6−7 ming yevro turadi. Bu yerni palmaga to‘ldiraman […] Biz allaqachon palma ekyapmiz — xuddi bizning Bokudagi Sea Breeze‘dagidek go‘zal obodonlashtirish bo‘ladi. Shuningdek, Ispaniyadan o‘simliklarning juda noyob turlarini ham olib kelamiz. Umuman, qor va tog‘lar fonidagi palmalar — bu ajoyib manzara. Bu palmalar -20 daraja sovuqqa chidaydi”, — deya izoh berdi Emin Agalarov.
Agalarov Development‘ning Spot‘ga ma‘lum qilishicha, hududni obodonlashtirish doirasida turli xil manzarali va mintaqa iqlim sharoitlariga moslashgan o‘simliklardan foydalangan holda kompleks ko‘kalamzorlashtirish ko‘zda tutilgan.

Xususan, o‘simlik va daraxt turlari ularning moslashuvchanligi, mahalliy sharoitlarga chidamliligi va barqaror landshaftni shakllantira olish qobiliyati hisobga olingan holda tanlanmoqda.
“Bugungi kunga qadar xiyobon yo‘li bo‘ylab 100 ga yaqin palma o‘tqazildi. Yaqin kunlarda uchinchi qatorga qo‘shimcha 70 tupga yaqin daraxt ekish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, hududga 1000 dan ortiq leyland ekildi. Palmalarning o‘rtacha balandligi taxminan 6 metrni, leylandlarniki esa qariyb 2 metrni tashkil etadi”, — deyiladi kompaniya bayonotida.
Xiyobon yo‘li haqida so‘z yuritar ekan, Emin Agalarov uning Sea Breeze Uzbekistan‘ning butun qirg‘oq chizig‘i bo‘ylab o‘tishini ta‘kidladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston hukumati va Sea Breeze Uzbekistan o‘rtasida investitsiya shartnomasi imzolangani haqida yozgandi.