Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida Sea Breeze turistik majmuasi loyihasi bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlandi. Bu haqda Spot‘ga Agalarov Development kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Yaqinda Agalarov Development prezidenti va Sea Breeze Resort rahbari Emin Agalarov O‘zbekistonga tashrif buyurib, Chorvoqdagi turistik majmua qurilish maydonida bo‘ldi. E‘lon qilingan kadrlarda obyektda maxsus texnikalar yordamida tuproq ishlari olib borilayotgani va suv ombori qirg‘oqlari bo‘ylab palmalar ekilganini ko‘rish mumkin.

“Sea Breeze Charvak Uzbekistan: qurilish ishlari jadal sur‘atda olib borilmoqda”, — deb yozdi Emin Agalarov.

Agalarov Development‘ning Spot‘ga ma‘lum qilishicha, loyiha hududida tayyorgarlik va infratuzilma ishlari, jumladan, uchastkalarni rejalashtirish va maxsus texnikalarni jalb etish olib borilmoqda. Ta‘kidlanishicha, ishlar loyihani amalga oshirishning tasdiqlangan jadvaliga muvofiq amalga oshirilmoqda.

agalarov development, chorvoq, emin agalarov, sea breeze uzbekistan, turizm

Ayni paytda investor ko‘kalamzorlashtirish — palma va boshqa o‘simliklar ekish, landshaft dizayni, shuningdek, bulvar va plyaj infratuzilmasini obodonlashtirish ishlari bilan ham shug‘ullanmoqda. Ushbu infratuzilma shu yozdayoq ishga tushirilishi kutilmoqda.

“Loyiha O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi doirasida amalga oshirilmoqda. Maydondagi ishlar ko‘zda tutilgan tartib-qoidalar va amaldagi reglamentlar asosida bajarilmoqda, shunga ko‘ra, biz tuproq ishlarini olib boryapmiz, kommunikatsiyalarni o‘tkazyapmiz va drenaj tizimlarini barpo etyapmiz”, — deya bayonot berdi kompaniya.

Bundan tashqari, Toshkentda Agalarov Residence‘ning yangi savdo ofisi ochildi. Unda Agalarov Residence va Sea Breeze Uzbekistan loyihalarining maketi joylashtirilgan bo‘lib, u majmuaning me‘moriy konsepsiyasi, miqyosi va bo‘lajak infratuzilmasi bilan batafsil tanishish imkonini beradi.

Spot, avvalroq, Karkidon suv omborida $50 mlnlik sayyohlik majmuasi qurilayotgani haqida yozgandi.