Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etganlik uchun subsidiya beriladi. Bu bo‘yicha tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, subsidiya byudjetdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va texnologiya turidan qatʼi nazar, har bir konturga joriy qilingan texnologiya uchun faqat 1 marta ajratiladi.

Talabgor subsidiyani olish uchun o‘ziga tegishli ekin yer maydonlarini konturlar hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari turlari kesimida belgilangan tartibda Agroportalga kiritgan bo‘lishi lozim.

Talabgor subsidiya ajratilishi uchun Agroportal orqali elektron shaklda ariza bilan murojaat qiladi.

Arizaga suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini qurish bo‘yicha Tomchi-reestrga kiritilgan quruvchi-pudrat tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma nusxasi ilova qilinadi.

Shuningdek, loyiha hujjati va qurilish ishlari yakunlangani to‘g‘risidagi dalolatnoma nusxasi taqdim etiladi.

Bundan tashqari, ish bajarilgan konturlarning maʼlumotlari, yaʼni hududi va aniq lokatsiyasi ko‘rsatilgan holda berilishi lozim.

Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini o‘z mablag‘i hisobidan joriy qilgan talabgorga belgilangan hisob-kitoblarga asosan subsidiyaning 50%i oldindan to‘lab beriladi.

2024-yil boshida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilgan fermerlarga soliq imtiyozlari berilishi belgilangandi.

Spot, avvalroq, Markaziy Osiyoda bu yil sug‘orish suvi zaxiralari kam bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.