Sergeli tumanida 605,7 mlrd. so‘mlik 87 ta loyiha amalga oshirilishi. Bu haqda Oliy majlis senatining axborot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko’ra, 2018 yilda Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida jami 605,7 mlrd. so‘mlik 87 ta loyiha amalga oshirilishi, ushbu loyihalar hisobiga 1840 ta yangi ish o‘rni yaratilishi va 200,0 mln. dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgani haqida axborot berildi.

Tumanning 2018−2019 yillar xorijiy investitsiya dasturiga 13 ta loyixa kiritilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 490,3 mlrd. so‘mni, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar miqdori 39,6 mln. dollarni tashkil etadi.

Ushbu loyihalar asnosida 1139 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Bugungi kunda 424 ta ish o‘rni tashkil etilib, qariyb 9 mln. dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.

Xususan, “Choshtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 30 gektar yer maydonida shu yilning oxirigacha bitkazilishi mo‘ljallangan, har biri 70 ta xonadondan iborat 60 ta 7 qavatli uy qurilishi davom etmoqda. Ushbu qurilayotgan uylar yaqinidagi hududda zamonaviy sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari, tibbiyot, dam olish maskanlari, kutubxona, maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari bunyod etiladi.