Innovatsion faoliyatni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi tuzilmasida yuqori texnologiyali kichik kompaniyalar uchun mavjud infratuzilma, xonalar, laboratoriyalar va asbob-uskunalarni imtiyozli shartlarda taqdim etgan holda Innovatsion startap-akselerator va startap-inkubator tashkil qilinadi.

Laboratoriya asbob-uskunalari, ishlab chiqarish maydonlari va ofis xonalari Ilg‘or texnologiyalar markazi rezidentlariga ijaraga 2 yil muddatga, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda 5 yilgacha uzaytirish huquqi bilan taqdim etiladi

Ilg‘or texnologiyalar markazi rezidentlari 2022 yil 1 yanvargacha quyidagilardan ozod qilinadi:

  • yer solig‘i;
  • foyda solig‘i;
  • yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq;
  • yagona soliq;
  • shaxsiy ehtiyojlar maqsadida keltiriladigan xomashyo va butlovchi buyumlar uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari).