Poytaxtda intellektual videokuzatuv tizimi joriy qilinadi, deb yozadi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent shahar hokimligida “Xavfsiz shahar” loyihasi samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Xabarga ko’ra, unda poytaxtning ijtimoiy-iqtisodiy soha obyektlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, dehqon bozorlari hamda savdo majmualarining kirish-chiqish joylariga intellektual videokuzatuv tizimini joriy qilish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, bu borada xorij tajribasidan samarali foydalanish va istiqbolli loyihalarni amaliyotga keng joriy etish ko‘zda tutilgan.

Intellektual videokuzatuv tizimi kuzatuv kameralari tasviridagi harakatlanuvchi obyektlarni tanish, aniqlash va kuzatib borish imkonini beradi:

  • obyektlarning shubhali xatti-harakatlarini, amaldagi qoidalar va xavfsizlik tartib-qoidalarini buzish holatlarini avtomat tarzda qayd etadi;
  • odamlar, odamlarning bir guruhi, avtomobil va boshqa kuzatiladigan obyektlarning turlarini ajratib ko’rsatadi va aniqlaydi;
  • hodisalarni real vaqtda va retrospektiv yo’l bilan tahlil qiladi;
  • ma’lumotlar va videolarga kirishning maxfiyligini ta’minlaydi.