Qozog‘iston Respublikasi Davlat xizmati va korrupsiyaga qarshi kurash agentligining rasmiy vakili Janna Bastarova mansabdor shaxs o‘tgan hafta hibsga olingani haqida aytib o‘tdi, deb ma’lumot beradi “Казинформ” xalqaro axborot agentligi.

Bastarovaning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi yirik miqdordagi byudjet mablag‘larini o‘zlashtirishda gumon qilinmoqda.

“U mas’uliyatli davlat lavozimini egallab turganidan foydalanib Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’muriy binosini qurishda bajarilgan ishlar bo‘yicha ko‘ra-bila turib qalbaki hujjatni imzolagan. Uning noqonuniy hatti-harakatlaridan kelib chiqqan zarar 140 million tengedan ko‘p (taxminan 370 ming $. — izoh “Spot"niki)”, — deb ma’lum qildi Janna Bastarova.

Qozog‘istonning yana bir OAVsi bo‘lgan “Tengri News” Qozog‘iston Respublikasi TIV sobiq ijrochi kotibi Anarbek Karashev katta miqdorda pora olishda gumon qilinib, hibsga olinganini eslatib o‘tgan.

Keyinchalik DXKQKA raisining o‘rinbosari Oljas Bektenov jinoyat ishi tafsilotlarini keltirdi. Unda shunday deyilgan: Anarbek Karashev Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi binosini kapital ta’mirlash bo‘yicha amalda bajarilmagan ishlarga haq to‘lashda aybdor deb topilmoqda.

Ta’kidlanishicha, zarar miqdori chamasi 70 million tenge (taxminan 190 ming dollar. — izoh “Spot"niki) ga teng.