Davlat kompaniyalari uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi qattiqlashtirildi. Bu haqda 25-aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, deb xabar beradi “Spot” muxbiri.

Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining davlat kompaniyalari bo‘yicha qarori qabul qilingan bo‘lib, apreldan boshlab ularga valyuta operatsiyalarini faqat asosiy hisob raqamiga ega bo‘lgan banklar orqali amalga oshirishga ruxsat berilgan. Markaziy bank tegishli hujjatni barcha banklarga yuborgan.

“Bu masala yangi emas. Sentabr oyida biz bu masalani ko‘targan edik, chunki bu masala nafaqat valyuta nuqtayi nazaridan, balki davlat ulushi 50%dan ortiq bo‘lgan davlat korxonalarining tashqi iqtisodiy operatsiyalari ustidan to‘g‘ri valyuta nazorati olib borish nuqtayi nazaridan ham zarur. Bu [valyuta] yo‘nalishida shunday hujjat bor va banklar unga ko‘ra ishlamoqda”, — dedi Markaziy bank raisi Nurmuratov.

O‘tgan yilning sentabrida Markaziy bank valyuta operatsiyalariga cheklovlar joriy etishni rejalashtirgandi. 18-sentabrdan yuridik shaxslar chet el valyutasini sotib olishlari va valyuta operatsiyalarini faqat asosiy hisob raqamiga ega bo‘lgan banklar orqali amalga oshirishlari kerak edi. Biroq, regulyator mazkur talab kuchga kirgunga qadar qarorni bekor qildi.

Noyabr oyida Markaziy bank yuridik shaxslarning chet el valyutasini sotib olish shartlarini qat’iylashtirishni taklif qildi. Bundan tashqari, norezidentlar mablag‘larning qonuniy kelib chiqishini tasdiqlashlari kerak edi.

Undan so‘ng, “Spot” fond bozori ishtirokchilari bilan suhbatlashib, regulyator tomonidan valyutani tartibga solishda taklif qilingan to‘g‘risida ularning fikrlarini to‘plagandi. Shuningdek, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Bobir Abubakirov o‘zgartirishlar texnik xususiyatga ega bo‘lib, chet el valyutasini sotib olish shartlarini kuchaytirmasligini bildirdi.

Avvalroq Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi pasayishda davom etayotgani haqida xabar berilgandi.