Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanganlik uchun ortiqcha (xato) to‘langan mablag‘larni iste’molchiga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi orqali qaytarish taomili belgilandi.

Ortiqcha (xato) o‘tkazilgan mablag‘larning o‘zaro hisob-kitob qilish tartibi

Ortiqcha (xato) o‘tkazilgan mablag‘larning o‘zaro hisob-kitob qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  1. iste’molchilar, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ortiqcha (xato) o‘tkazilgan mablag‘larni qaytarish yuzasidan “O‘zbekenergo” AJ yoki “O‘ztransgaz” AJga hamda uning hududiy bo‘linmalariga yozma yoki elektron shaklda ariza bilan murojaat qiladi;
  2. iste’molchilarning mazkur arizasiga asosan “O‘zbekenergo” AJ yoki “O‘ztransgaz” AJning hududiy bo‘linmalari va Majburiy ijro byurosining hududiy bo‘limi tomonidan elektr energiyasi yoki tabiiy gaz uchun ortiqcha (xato) to‘langan mablag‘larni qaytarish to‘g‘risida dalolatnoma tuziladi hamda mazkur bo‘linmalarning rahbarlari va bosh hisobchilari tomonidan imzolanadi;
  3. ortiqcha (xato) to‘langan mablag‘larni qaytarish to‘g‘risida dalolatnoma ikki ish kuni ichida “O‘zbekenergo” AJ yoki “O‘ztransgaz” AJga taqdim etiladi;
  4. hududiy bo‘linmalar tomonidan taqdim etilgan dalolatnomalar asosida, bir ish kuni ichida “O‘zbekenergo” AJ yoki “O‘ztransgaz” AJ tomonidan iste’molchilarning ortiqcha (xato) to‘langan pul mablag‘larini qaytarish to‘g‘risidagi dalolatnomalar ro‘yxati tuziladi va mazkur ro‘yxat Jamg‘armaga taqdim qilinadi;
  5. Jamg‘arma, taqdim etilgan ro‘yxat asosida ikki ish kuni davomida “O‘zbekenergo” AJ hududiy bo‘linmalarining maxsus hisobvarag‘iga (22604) yoki “O‘ztransgaz” AJning asosiy hisobvarag‘iga (20210) ortiqcha (xato) to‘langan mablag‘larni qaytaradi;
  6. “O‘zbekenergo” AJ yoki “O‘ztransgaz” AJ bir ish kuni davomida Jamg‘arma tomonidan qaytarilgan mablag‘larga ortiqcha (xato) to‘langan mablag‘larning qolgan qismini qo‘shgan holda (dalolatnomada ko‘rsatilgan mablag‘) iste’molchilarning hisobvarag‘lariga o‘tkazib beradi;

“O‘zbekenergo” AJ yoki “O‘ztransgaz” AJ va ularning hududiy bo‘linmalari tomonidan ortiqcha (xato) to‘langan mablag‘lar iste’molchilarning hisobvarag‘iga qaytarishda banklar tomonidan xizmat haqi undirimaydi.