Joriy yilning 19 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasida birinchi AES qurilishi loyihasining amalga oshirilishini boshlab berishga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi, deb xabar berdi “O‘zatom” agentligi matbuot xizmati. Tantanali marosim tadqiqot ishlari olib borilayotgan maydonlardan biri va Toshkent o‘rtasida o‘rnatilgan tele ko‘prik orqali bo‘lib o‘tdi.

“AESning qurilish loyihasi SSER-1200 rusumdagi reaktorlar bilan jihozlangan ikkita energoblokning qurilishini o‘z ichiga oladi. Mazkur energobloklar 3+ avlodiga tegishli bo‘lib, zamonaviy texnologiyalarning ishonchliligini sezilarli darajada oshirgan holda, AEXAning zamonaviy xavfsizlik talablariga to‘la javob beradi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, tadbir doirasida “Rosatom”, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va “O‘zatom” agentligi o‘rtasida Hamkorlik Memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, atom energetikasi sohasi va u bilan bog‘liq sohalar uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik olib boriladi.

Memonrandum, shuningdek, Toshkentda Moskva Muhandislik-fizika intitutining Milliy tadqiqot yadro universiteti bo‘linmasini ochish bo‘yicha hamkorlikni ko‘zda tutadi.

Bundan tashqari, ta’kidlanishicha, “Rosatom” va “O‘zatom” rahbarlari Aleksey Lixachyov va Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasiga oid ijobiy jamoatchilik fikrini shakllantirish bo‘yicha o‘zaro Anglashuv Memorandumini imzoladi.

Ushbu hujjat O‘zbekistonda atom energetikasini ommalashtirish va aholini zamonaviy yadro-energetik texnologiyalar borasida xabardor etish, milliy OAV vakillarini tayyorlash, qo‘shma tematik anjumanlarni tashkil etish va o‘tkazish hamda O‘zbekiston hududida ijtimoiy va ta’lim loyihalarini amalga oshirish kabi sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni tashkil etish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekistondagi AESning birinchi energobloki 2028 yil oxiriga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.