Ikki oyda aholidan 500 mln so‘mlik elektr energiyasi sotib olindi. Bu haqda “O‘zbekiston24” telekanali reportajida xabar berildi.

Joriy yilning 1-aprel holatiga “Quyoshli xonadon” dasturi uchun 13 048 xonadon ariza topshirgan.

Shundan 12 mingga yaqinining arizalari tasdiqlangan. Bundan tashqari, 1998 nafar fuqaro tomonidan subsidiya mablag‘lari ko‘chirib olingan.

“2024-yilning yanvar-fevral oylarida 1498 nafar aholiga 508 526 kVt/soat elektr energiyasi uchun 508 mln 526 ming so‘m subsidiya berilgan”, — dedi Soliq qo‘mitasi bosh inspektori Doro Shamsiddinov.

Mart oyi uchun yig‘ilgan ortiqcha tafovut summalari 25-apreldan keyin to‘lab beriladi. Toshkent shahrida fuqarolar tomonidan o‘rtacha bir oyda 6 mln so‘mgacha subsidiya mablag‘lari ko‘chirib olingan.

Loyihada ishtirok etish bo‘yicha hududlar kesimida Qoraqalpog‘iston (441ta), Xorazm (361ta) hamda Toshkent shahri (109) yetakchilik qilmoqda.

2023-yilning 1-aprelidan xonadonlarga kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatishni bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirila boshlandi.

Quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr davlat tomonidan sotib olinib, har bir kilovatt-soatiga 1 000 so‘mdan subsidiya beriladi. Ularni “Soliq” mobil ilovasi orqali olish mumkin.

“Spot” quyosh panellarini muddatli to‘lovga qanday olish mumkinligi bo‘yicha videoqo‘llanmani taqdim etgandi.