Yoshga oid chegaralanmagan axborotlarni tarqatish taqiqlandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida keltirilgan.

Qarorga muvofiq, bolalar o‘rtasida tarqalishi cheklangan axborot mahsulotlariga shafqatsizlik, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik, jinoyat yoki jamiyatga qarshi boshqa harakatlar tasvirlangan, qo‘rquv, vahima va sarosima uyg‘otadigan,
jinsiy munosabatlar tasvirlangan yoki bayon etilgan, shuningdek, uyatli so‘zlar jumlasiga kirmaydigan haqoratli so‘zlar va iboralarni o‘z ichiga olgan axborot mahsulotlari kiradi.

0+

Bolalarning sog‘lig‘i va rivojlanishiga zarar yetkazmaydigan, janri va syujeti ezgulik yovuzlik ustidan g‘alaba qozonishi hamda zo‘ravonlik qurboniga nisbatan rahm-shafqat ifoda etilgan axborotlar.

7+

Yetti yoshga to‘lmagan bolalar uchyn axborot (“0+”), odam kasalliklari va ular oqibatlarining inson qadr-qimmatini kamsitmaydigan shakldagi naturalistik bo‘lmagan axborot, baxtsiz hodisa, avariya, falokat yoxud kuch ishatilmagan o‘limning bolalarda qo‘rquv, vahima yoki sarosima uyg‘otishi mumkin bo‘lgan oqibatlari namoyish etilmagan, naturalistik bo‘lmagan axborot, shuningdek, jamiyatga qarshi xatti-harakatlar va jinoyat sodir etishga undamaydigan jinoyatlarning epizodik tasviri yoki bayonini o‘z ichiga olgan axborot maxsulotlari.

12+

  • (0+) va (7+) axborotlar;
  • shafqatsizlik va zo‘ravonlikning qurboniga nisbatan rahm-shafqat va shafqatsizlik, zo‘ravonlikka nisbatan salbiy, qoralovchi munosabat ifoda etilishi sharti bilan hayotdan mahrum etish yoki jarohat yetkazish jarayoni natural ko‘rsatilmagan axborot;
  • jamiyatga qarshi xatti-harakatlar sodir etishga undamaydigan axborotlar.

16+

  • (0+), (7+) va (12+) axborotlar;
  • baxtsiz xodisa, avariya, falokat, kasallik, o‘limning bolalarda qo‘rquv, vahima yoki sarosima uyg‘otishi mumkin bo‘lgan oqibatlari naturalistik ravishda namoyish etilmagan axborotlar;
  • narkotik vositalar yoki psixotrop va gangituvchi moddalar to‘g‘risidagi, ularni iste’mol qilishning xavfli oqibatlari to‘g‘risidagi, bunday vositalar yoki moddalarni iste’mol qilishga salbiy yoki qoralovchi munosabat ifoda etilishi yoki ularni iste’mol qilishning xavfli ekani haqida ogohlantirish mavjud bo‘lishi sharti bilan shunday holatlarni ifoda etuvchi axborotlar;
  • uyatli so‘zlar jumlasiga kirmaydigan haqoratli so‘zlar va iboralarni o‘z ichiga olgan axborot;
  • jinsiy munosabatlarning jinsiy aloqaga nisbatan bo‘lgan qiziqishdan foydalanmaydigan hamda qo‘zg‘atuvchi yoki haqoratlovchi tusga ega bo‘lmagan epizodik naturalistik bo‘lmagan axborotlar.

18+

  • bolalar hayotiga va sog‘ligiga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etishga targ‘ib qilishga undaydigan;
  • bolalarda alkogol va tamaki mahsulotlari, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar iste’mol qilish, qimor uyinlari, ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish, fohishabozlik, daydilik, tilanchilik yoki g‘ayriijtimoiy xatgi-harakatlarning boshqa shakllari bilan shug‘ullanish istagini paydo qiladigan;
  • odamlarga yoki hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsizlik qilish mumkinligini asoslaydigan yoki oqlaydigan yoxud zo‘ravonlik xatti-harakatlarini amalga oshirishga undaydigan;
  • oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, axloqsizlikni targ‘ib qiladigan;
  • g‘ayriqonuniy xulk-atvorni oqlaydigan va huquqbuzarlik sodir etishga olib keladigan;
  • jamiyatda buzg‘unchilik g‘oyalarini targ‘ib etishga da’vat qiladigan;
  • uyatli so‘zlarni o‘z ichiga olgan;
  • pornografiya xususiyatiga ega bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan;
  • g‘ayriqonuniy harakatlar natijasida jabrlangan bolalar to‘g‘risidagi axborotlar kiradi.