Har bir fuqaro 1 yanvardan o‘rtacha 6,5% foyda ko‘radi. Buni soliq islohoti natijasida amalga oshirish mumkin, deb xabar beradi “O‘zbekiston 24” telekanalining “Tahlilnoma” dasturida Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov.

U 2018 yilda valyuta siyosati ham, narxlar ham erkinlashtirilganligini tilga olib o‘tdi. Bu qo‘shimcha byudjet xarajatlarini to‘plash imkonini berdi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligini moliyalashni yaxshilash iqtisodiyotda o‘zaro hisob-kitoblarni takomillashtirish va yaxshilashga imkon berdi.

“Shunga muvofiq, biz qo‘shimcha 12 trillion so‘m yig‘ishni rejalashtirayapmiz. Prezident qo‘shimcha daromadlar ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishi kerakligini belgilab berdi, bu „Obod mahalla“, „Yoshlar — kelajagimiz“ kabi loyihalar va shunga o‘xshash boshqalari”, — dedi Sultonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident tomonidan ijtimoiy sohadagi ish haqini ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yilgan hamda bu ishlar qisman boshlangan. Masalan, 1 martdan maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari ish haqi 30%ga, 1 sentyabrdan esa yana 10%ga oshirildi.

Shuningdek, kuzda maktab xodimlarining ish haqi 10%ga oshirildi. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari 10%ga, yuqori sinf o‘qituvchilari ish haqi 24%ga oshirildi. Endi ular taxminan bir xil maosh olishadi. 1 yanvardan barcha o‘qituvchilar ish haqini 10%ga, bir vaqtning o‘zida, toifasiga qarab yana 25%ga oshirish mo‘ljallanmoqda.

Aholining qolgan qatlamiga keladigan bo‘lsak, 1 yanvardan boshlab soliq islohoti boshlanadi, natijada har bir fuqaro 6,5 foizga yutadi, chunki jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan yagona soliq 12%li stavka bo‘yicha kiritiladi.

“Agar ilgari maksimal stavka 22% bo‘lgan bo‘lsa va yana sug‘urta badallari ham ushlab qolingan bo‘lsa, unda endi bu faqat 12%ni tashkil etadi”, — deya ta’kidladi Sultonov.

Misol uchun agar soliq to‘lovchi hozirda maksimal stavkada 22% daromad solig‘i to‘layotgan bo‘lsa, yana taxminan 8%i byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi sug‘urta badallari sifatida ushlanadi, natijada yakunda yuklama taxminan ish haqining 30%iga aylanadi.

“Yangi yildan ish haqidan ushlab qolish faqat 12%ni tashkil etadi. Yangi yildan har bir fuqaro hozirgi olayotgan maoshidan ko‘proq pul oladi”, — dedi Sultonov.

Shuningdek, u yirik korxonalar uchun 25%, kichiklari uchun esa 15% bo‘lgan yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi pasayishini tilga olib o‘tdi. Endilikda bu stavkalar ham 12% bo‘ladi, bu esa biznesda katta qadamdir.