Shahar aholisini eng qulay shart-sharoitlar bilan ta’minlash maqsadida Toshkent shahar hokimiyati va jamoatchilik kengashi ko‘magida “Toshkent 2025: o‘zgarish” loyihasi yaratilib, uning doirasida shaharni 2025 yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi.

9 noyabr kuni o‘tkazilgan ushbu loyiha taqdimotida uning asosiy yo‘nalish va maqsadlari taqdim qilindi hamda OAV uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda Spot muxbiri xabar berdi.

Kelgusida loyiha jamoasi yanada uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy dasturni tayyorlash hamda monitoring va tavsiyalarni amalga tatbiq etishda har taraflama yordam ko‘rsatishni rejalashtirmoqda. Loyiha yaqinda tashkil etilgan “Urbanistika markazi” jamoat fondi qoshida faoliyat yuritadi.

Quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha strategiyani ishlab chiqish loyihaning asosiy maqsadlari hisoblanadi:

  • shahar iqtisodiyoti raqobatbardoshligini ta’minlash;
  • barqaror rivojlanish;
  • aholi turmush darajasini oshirish.

Loyiha rejasiga ko‘ra, 2025 yilga borib Toshkent zamonaviy, investitsiya va turizm uchun jozibador, mintaqa poytaxtlari orasida yetakchi pozitsiyalarni egallab turgan shaharga aylanadi.

Shu bilan birga, loyihani amalga oshirish vaqtida yangi ochiladigan innovatsiya va shahar yechimlari tajriba laboratoriyasi bazasida shahar muhitini yaxshilashga aloqador bir qator boshqa pilot-loyihalar ham tashkil etiladi.

Loyiha ustida yetakchi mahalliy va chet ellik ekspertlar, shuningdek, shahar boshqaruv tashkilotlari xodimlari ish olib boradilar. Asosiy e’tibor shaharliklarning fikrini (ijtimoiy so‘rovlar, muhokamalar, brifinglar va loyihaning borishi haqida ochiq hisobotlar orqali) o‘rganish va mahalliy ekspertlar jamiyatini shakllantirishga qaratiladi. Ayni paytda ishchi guruhlarni tuzish va barcha asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha ekspertlarni qidirish jarayoni davom etmoqda.