Xususiy tadbirkorlar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi, deb yozadi Davlat soliq qo’mitasi matbuot xizmati.

Amaldagi qonunchilikka asosan xususiy tadbirkorlar chakana savdo, maishiy xizmat koʻrsatish va boshqa turdagi jami 81 ta faoliyat bilan yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishlari, bu jarayonda bir nafardan uch nafargacha xodimni yollab ishlatishlari mumkin.

Jumladan, yakka tartibdagi tadbirkor:

  • chakana savdo faoliyati bilan shugʻullanganda bir nafar;
  • maishiy xizmat koʻrsatish faoliyatilari bilan shugʻullanganda uch nafargacha;
  • faoliyatning boshqa turlari bidan shugʻullanganda ikki nafargacha xodimni yollab ishlatishiga ruxsat etilgan.

Lekin, oʻrganishlar natijalari shuni koʻrsatdiki:

  • qurilish materiallari, sement, shifer, yogʻoch va yogʻoch mahsulotlari hajmining kattaligi va vaznining ogʻirligi sababli, xususiy tadbirkorlar ushbu mahsulotlarni transport vositalariga yuklash, tashish, tushirish, qadoqlash, qoʻriqlash va sotishni ruxsat etilgan bir nafar yollanma ishchi bilan bajara olmayotganliklari sababli qonunchilikda belgilanganidan ortiqcha xodimlarni yollab norasmiy ishlatishga majbur boʻlmoqda;
  • alyumeniy (plastik) profillardan eshik, deraza va boshqa buyumlarni tayyorlash yirik uskunalardan foydalanilgan holda, sanoat usulida amalga oshirilishi shuningdek, xomashyo materiallari va tayyor mahsulotlarni ortish, tashish, tushirish va oʻrnatish uchun koʻp ishchi kuchi talab etilishi sababli xodimlarni norasmiy yollab ishlatishga toʻgʻri kelmoqda.

Shu kabi holatlar avtomobillarni yuvish faoliyati boʻyicha ham kuzatilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida"gi Qonuniga binoan yuk ortish va tushirish ishlari ogʻir va xavfli ishlar toifasiga kiritilgan boʻlib, ish jarayonida bir xodimning doimiy koʻtaradigan yuk ogʻirligi 15 kg dan va ish smenasi davomida jami koʻtaradigan yuk ogʻirligi 870 kg dan ortiq boʻlmasligi lozim.

Lekin sement (1 qopi 50 kg), shifer va yogʻoch mahsulotlari sotishda (1 nafar ishchi bilan) mazkur normalarga amal qilib boʻlmaydi.

Yuqoridagi sabablarga koʻra, Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlarini qayta koʻrib chiqish ehtiyoji yuzaga keldi.

Qarordagi shu kabi 17 ta faoliyat turlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi va 2 ta faoliyat turini faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.