O‘tgan hafta mobaynida onlayn auksion orqali 695 ta avtomobil raqamlari sotildi. Bu haqda Tovar xomashyo birjasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 2,5 milliard so‘mdan oshdi.

Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning qariyb 19% birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 49% ikkinchi va 32% uchinchi toifa avtoraqamlarga tegishli.

Xaridorlar tarkibida yetakchilikni Toshkent va Toshkent viloyati avto havaskorlari egalladi va ularning tuzilgan bitimlar sonidagi ulushi 29% ga teng. Keyingi o‘rinda Xorazm viloyatining avto havaskorlari 11% ulush bilan joylashdi.

Uchinchi o‘rin Samarqand va Buxoro avto havaskorlariga tegishli bo‘lib, har birining ulushi 10% ni tashkil qiladi. Boshqa hududlarning ulushi 40% ga teng.