O‘zbekistonda is gazini aniqlovchi yangi qurilma yaratildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda qurilmaning afzalliklar xususida batafsil ma’lumotlar berildi, deb yozadi “Xalq so’zi”.

Xabarga ko’ra, qurilmani Namangan viloyatida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

“Qurilmaning afzallik jihatlar ko‘p. Misol uchun, u xonadonning maxsus isitish tizimiga o‘rnatiladi. Agarda uyda biror sabab bilan metan, propan va boshqa is gazlari chiqadigan bo‘lsa, qurilma ishga tushib, uni aniqlab beradi hamda signal chala boshlaydi”, — deydi “Aholini is gazidan zaharlanish va yong‘inning oldini olish” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Husanboy Yunusov.

Yana bir foydali tomoni shundaki, agarda xonadonda is gazi paydo bo‘lgan paytda uyda hech kim bo‘lmasa, qurilma gazni tarmoqdan avtomatik ravishda o‘chiradi. Qurilma elektr energiyaga ulangan holda ishlaydi. Shu orqali u elektr quvvatini o‘zida jamlaydi.

Bu esa qurilma elektr energiyasi tizimdan uzilgan hollarda ham 24 soat ishlab turish imkonini beradi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qariyb mingga yaqin qurilma ishlab chiqarilgan bo‘lib, dastlab 20 tasi Toshkent shahar IIBB obyektlariga o‘rnatilgan. Kelgusida uni aholi xonadonlarida ham foydalanish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.