Issiqxona komplekslarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori e’lon qilindi.

Qarorga ko’ra, zamonaviy issiqxona komplekslari tashkil etish bo‘yicha istiqbolli loyihalar doirasida jami respublika bo‘yicha 105 ta loyiha amalga oshiriladi va bu orqali 4 ming 481 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ishchi guruhlar rahbarlariga 20 kun muddatda yoqilg‘i yoqish yo‘li bilan issiqlik yoki elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga tutash hududlarda joylashgan aniq yer uchastkalarining ro‘yxatini shakllantirish va ularni elektron savdolarga qo‘yish vazifasi yuklandi.

Endilikda 2019 yilda zamonaviy issiqxona komplekslarini moliyalashtirish, loyihalarni amalga oshirish uchun Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi, boshqa xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalari hisobiga 200 million $dan kam bo‘lmagan mablag‘lar jalb qilinadi.

Yuridik shaxslar 2021 yil 1 yanvarga qadar:

  • zamonaviy issiqxona komplekslari, ularning butlovchi qismlari va gofrlangan karton idish ishlab chiqarishda foyda solig‘i, yagona ijtimoiy to‘lov va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi;
  • zamonaviy issiqxona komplekslari va gofrlangan karton idish ishlab chiqarish uchun talab etiladigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskuna, xom ashyo va materiallar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar uchun bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.

Qaror bilan Innovatsion rivojlanish vazirligiga quyidagi vazifalar yuklandi:

  • 2019 yil 1 sentyabrga qadar urug‘chilikni rivojlantirish markazining sifatni nazorat qilish laboratoriyasi negizida qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining nav, genetika va ekish sifat ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha laboratoriya tashkil etish va Urug‘chilikni rivojlantirish markazini Urug‘ sifatini nazorat qilish bo‘yicha xalqaro uyushmaga (ISTA)a'zo sifatida kiritilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;
  • sabzavot ekinlarining hosildorligi yuqori yangi navlari va duragaylarini yaratish.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2019 yilning 1 martiga qadar issiqxona xo‘jaliklarining yagona ma’lumotlar bazasi to‘liq ishlashini va ularda ishlab chiqarilgan meva-sabzavot mahsulotlarining tizimli hisobi yuritilishini o‘z mablag‘lari hisobidan ta’minlaydi.