2018-yilning 21-noyabr kuni Brussel shahriga amaliy tashrif bilan kelgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov bugun Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik va rivojlanish masalalari bo‘yicha Komissari Neven Mimitsa bilan uchrashdi, deb yozadi Vazirlik matbuot xizmati.

O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifi doirasida umumiy budjeti 25 mln. yevro bo‘lgan “Chorvachilik sektorini rivojlantirish”, “Adliya organlari tomonidan respublika mintaqalarida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yaxshilash” loyihalarini Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirish to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.

Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dinamik va samarali ko‘rinishi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda, shu nuqtayi nazardan O‘zbekistonda “Xususiy huquq” va “Tibbiyot” kabi mutahassisliklarda Yevropa OTMlari filiallari tarmog‘ini oshirish istiqbollari muhokama qilindi.