Monetar siyosatning 2019 yil va 2020−2021 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari Markaziy bankning rasmiy saytiga joylashtirildi.

Ma’lumotlarga ko’ra, 2019−2021 yillarda pul-kredit siyosatining ichki sharoitlari va samaradorligi ko‘p jihatdan soliq-byudjet siyosatiga bog‘liq bo‘ladi.

Kelgusida soliq-byudjet sohasida amalga oshiriladigan keng qamrovli islohotlarning asosiy yo‘nalishlari vazifalarni qamrab olgan:

  • byudjet tizimini takomillashtirish;
  • ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni inflyatsiya darajasiga qarab indeksatsiya qilish;
  • soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish;
  • kichik va yirik korxonalarning soliq yuklaridagi farqni qisqartirish;
  • qo‘shilgan qiymat solig‘idan kengroq foydalanish, soliq turlarini kamaytirish;
  • majburiy to‘lovlarni birxillashtirish va ayrimlarini bekor qilish orqali iqtisodiyotda soliq yukini maqbullashtirish.

Moliya vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, taklif etilayotgan islohotlarning dastlabki bosqichida quyidagi natijalar kutilmoqda:

  • sotishdan tushgan tushumdan majburiy ajratmalarning to‘liq bekor qilinishi natijasida korxonalar ixtiyorida qo‘shimcha 5,2 trln. so‘m miqdoridagi daromadlar qoladi;
  • jismoniy shaxslarning daromad solig‘i va yagona ijtimoiy to‘lovlarning pasaytirilishi hamda sug‘urta badalining bekor qilinishi hisobiga aholi daromadlari 2019 yilda qo‘shimcha ravishda 6,5%ga oshadi;
  • yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i, foyda solig‘i va kichik biznes sub’ektlari yagona solig‘ining kamaytirilishi natijasida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ixtiyorida 2 trln. so‘mlik qo‘shimcha mablag‘lar qoladi.

Shuningdek, soliq konsepsiyasida mazkur mablag‘larning bir qismini soliq ma’murchiligi takomillashtirilishi hamda aholi va tadbirkorlar soliq yuki yengillashtirilishi sababli soliq to‘lovchilar soni va bazasining kengayishi natijasida byudjetga tushumlar ortishi hisobiga qoplash nazarda tutilgan.

Ayni vaqtda o‘rta muddatda soliq islohotlari doirasida QQS to‘lovchilar bazasining kengaytirilishi ishlab chiqarishda qo‘shimcha qiymatni yaratish jarayonlarida uzunroq zanjirlarni hosil qilish imkonini berib, iqtisodiyotda ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi.

Xususan, Moliya vazirligi tomonidan 2019 yilda davlat byudjeti defitsiti yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 1,8%, 2020 yilda esa 0,7% bo‘lishi hamda 2021 yilga borib davlat byudjetining muvozanatli ijro etilishi hisobiga YAIMga nisbatan 0,1%lik profitsit bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Byudjet taqchilligining yuzaga kelishi iqtisodiyotda qo‘shimcha likvidlilikni yuzaga keltirib, bank tizimida likvidlilikning tarkibiy profitsitini shakllantirishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, Markaziy bank tomonidan ko‘riladigan choralarda yuzaga kelgan qo‘shimcha likvidlilikni tartibga solish va uning ta’sirini muvozanatlashtirish masalalari ham o‘z aksini topadi.

Mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni, jumladan, ichki narxlar barqarorligini ta’minlash vazifasi davlat qarzini samarali boshqarish va byudjetning xomashyo eksporti tushumlariga bog‘liqligini pasaytirishni talab etadi.

Kelgusi yildan boshlab davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash maqsadida “byudjet qoidalari “va “yig‘ma byudjet” hamda fiskal cheklovlarni belgilash nazarda tutilmoqda.

Umuman olganda, soliq-byudjet siyosatining isloh etilishi, pul-kredit siyosati bilan samarali muvofiqlashtirilishi va “byudjet qoidasi"ning amaliyotga kiritilishi Markaziy bankka pulkredit siyosatini amalga oshirish uchun qulay bo‘lgan shart-sharoitlarni hosil qiladi.