O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi bilan bog‘liq faoliyat tartibga solinuvchi sohalardan biri hisoblanadi. Hozirda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyaga ega ishtirokchilar soni 15tani tashkil etadi.

2019-yilning dekabrida “Kobea Group” kompaniyasiga O‘zbekistonda “UzNEX” kripto-birjasi faoliyatini yuritish uchun litsenziya berilgan. Natijada, u nafaqat O‘zbekistondagi, balki Markaziy Osiyo mintaqasidagi birinchi rasmiy litsenziyalangan kripto-birjaga aylandi.

Joriy yilning 5-sentabr kuni kripto-birja o‘zining yangilangan “UzNEX 2.0” elektron platformasini ishga tushirdi hamda unda “Toncoin"ni ro‘yxatga oldi.

Hozirda kriptovalyuta (TON) 69−71 ming so‘m ($5,4−5,6) oralig‘ida sotilmoqda. Savdo platformasida jami 14ta kripto-aktiv, jumladan “Bitcoin” (BTC), “Ethereum” (ETH) kabilar mavjud.

Kripto-birja “Toncoin"da depozit va mablag‘larni, jumladan, so‘m yechib olishni faollashtirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, almashinuv faqat shaxsiy kompyuterda mavjud bo‘lib, platformaning mobil ilovasi ham ishlab chiqilmoqda.

“Spot” “Toncoin"ning O‘zbekiston kriptovalyuta bozoriga ta’siri, uning mamlakatda mavjud boshqa kripto-aktivlardan farqi, foydalanuvchilar uchun risklarning mavjudligi hamda uning mahalliy bozordagi rivoji haqida ekspertlar bilan suhbatlashdi.


Toncoin nima?

Toncoin” — bu “TON” (The Open Network) blokcheyn platformasida yaratilgan kriptovalyuta. Dastlab, “TON” loyihasi “Telegram” messenjeri jamoasi, xususan, platforma asoschisi Nikolay Durov tomonidan ma’lumotlar almashish va to‘lovlar uchun tezkor va xavfsiz tarmoq yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.

“Telegram” bilan integratsiyalashuv natijasida “Toncoin"dan mazkur messenjerning milliardlab foydalanuvchilari pul o‘tkazmalari va xizmatlarga to‘lovlar uchun foydalanishlari mumkin. Bundan tashqari, “TON” platformasida qurilgan ilovalar, xizmatlar va o‘yinlar doirasida to‘lash uchun ham qabul qilinishi mumkin.

“Toncoin"ni “Telegram Stars” bilan adashtirib yubormaslik kerak. “Yulduzlar” “Telegram"da to‘lovlarni osonlashtirish uchun mo‘ljallangan va Istiqbolli loyihalar milliy agentligining izohlashicha, uning kripto-aktivlarga aloqasi yo‘q. “Toncoin” “TON” blokcheyn ekotizimida kengroq maqsadlarga xizmat qiladi. Ishlab chiquvchilar maxsus platforma orqali ishlab topilgan “Stars"ni “Toncoin"ga chiqarishlari mumkin.

Tonkoinni Telegram kanallari mualliflariga ham to‘lash mumkin. 1000 va undan ortiq obunachiga ega bo‘lgan ommaviy kanallar egalari o‘z kanallarida ko‘rsatilgan reklamadan tushgan daromadning 50 foizini olishlari mumkin.

Shuningdek, “Toncoin” “Telegram” kanallari mualliflariga to‘lanishi mumkin. 1000 kishilik obunachiga ega ommaviy kanallar egalari o‘z kanallarida ko‘rsatilgan reklamalardan daromadning 50%i bilan mukofotlanadi.

Kriptovalyuta bozoriga ta’siri

“BitMoney Finance” asoschisi Rahmatulla Zakirov ning fikricha, “Toncoin” O‘zbekiston kriptovalyuta bozoriga unchalik ham ta’sir ko‘rsatmaydi.

“Umuman ta’sir qilmaydi desa ham bo‘ladi, chunki asosiy savdo u bilan emas, balki „Stablecoin“ bilan amalga oshiriladi”, — deya qayd etdi u.

“Stablecoin” — bu kriptovalyutalar bo‘lib, ularning qiymati barqaror real aktivlar, masalan, valyutalar, oltin yoki tovarlar savati bilan bog‘liq.

Kriptovalyuta va blokcheyn bo‘yicha mutaxassis Shahruz Ashirov esa kriptovalyutaning mamlakatda savdoga chiqarilishi bozorga biroz ta’sir qiladi, degan fikrda. Har qanday yangi bozor token uchun yaxshi, lekin rasmiy bozor hajmi jahon bozorlariga nisbatan kichik.

Bundan tashqari, u mazkur kriptovalyuta listingi “Telegram” kanali egalariga reklama uchun messenjerdan olgan daromadlarini yechib olish imkoniyatini ham ochib berishini ta’kidladi.

“Analytics Services” kompaniyasi bosh direktori Akmal Djalilov “UzNEX” kripto-birjasida likvidlik hozircha pastligini hisobga olganda “Toncoin” kriptovalyutasining rasmiy listinggi ijobiy yangilik ekanligini qayd etdi.

kripto birja, kripto-aktivlar, toncoin, uznex

“Bu tanganing mashhurligi va fundamental qiymati mahalliy kripto-bozorning rivojlanishiga turtki beradi”, — dedi u.

Bundan tashqari, “UzNEX"dagi “Toncoin” listingi regulyatorning kriptovalyuta bozorini rivojlantirishga tayyorligini ko‘rsatadi. Aytish mumkinki, qat’iy litsenziyalash va tartibga solish talablari investorlarni firibgarlikdan, ayniqsa litsenziyasiz platformalardan himoya qilishga yordam beradigan huquqiy bazani yaratadi.

Djalilovning qayd etishicha, bu voqea o‘z kriptovalyutalariga ega bo‘lgan boshqa yirik kompaniyalarni ham O‘zbekiston platformalarida listing haqida o‘ylashga undashi mumkin.

Boshqa kriptovalyutalardan farqi

Shahruz Ashirov “Toncoin” O‘zbekistondagi mavjud kriptovalyutalardan tarqalish kengligi bilan farqlanishini ta’kidladi.

““USDT” va “Bitcoin"dan keyingi eng ommabopi deb o‘ylayman. Ton-blokcheynda tokenlar tarqatiladigan o‘yinlar orqali, keyin Ton tokeni orqali konvertatsiya qilinadi”, — deydi u.

kripto birja, kripto-aktivlar, toncoin, uznex

Rahmatulla Zakirovning fikricha, uning asosiy farqi, u ekotizim asosida qurilayotganidadir. Blokcheynni o‘xshashligi jihatidan “Ethereum"ga o‘xshatish mumkin hamda hamma kriptovalyutalar ham ekotizim maqsadida qurilavermaydi.

Bundan tashqari, “Ton” “Telegram” messenjerida to‘lov instrumenti sifatida foydalanilishi mumkin va u boshqa ko‘plab maqsadlari bilan farqlanadi.

“Analytics Services” rahbarining qayd etishicha, “Ton” yuqori likvidligi va mashhurligi bilan ajralib turadi. “Bitcoin” va “Ethereum” bilan birgalikda u savdo uchun yetakchi kriptovalyutalardan biriga aylanmoqda. “Uning mashhurligi va barqarorligi unchalik mashhur bo‘lmagan tangalarga nisbatan afzallik beradi”, dedi u.

Qanday risklar mavjud?

Rahmatulla Zakirov “Toncoin” bilan savdo qilishda barcha “AltCoin"lar bilan yuzaga keluvchi xavflarni qayd etdi.

“Yolg‘on sxemalarga duch kelish, anomal narx harakatlarida hissiyotga berilib, savdo qilish natijasida zarar ko‘rish mumkin. Shuningdek, „Toncoin“ egasining xatti-harakatlari tufayli bu kriptovalyuta narxiga salbiy yoki ijobiy ta’sir qilishi ortidan katta zarar yoki foyda olib kelishi mumkin”, — deydi Zakirov.

Akmal Djalilovning fikricha, mazkur kripto-aktiv savdosi uchun muhim risklar mavjud emas, chunki bu tanga “mashhur va likvidli”. Foydalanuvchilar uchun asosiy xavflar esa ularning malaka darajasi bilan bog‘liq.

Uning yuqori likvidlikka egaligi sabab, mazkur tanga savdosidagi yo‘qotishlar past likvidli va yuqori volatillikka ega unchalik ham mashhur bo‘lmagan kriptovalyutalarga nisbatan kamroq bo‘ladi. Qolaversa, to‘g‘ri tartibga solish va treyderlarning malakali yondashuvi bilan risklarni minimallashtirish mumkin.

Kriptovalyuta va blokcheyn bo‘yicha mutaxassis Shahruz Ashirovning fikricha savdo jarayonidagi risklar, odatdagidek, kapitalning ehtimoliy yo‘qotilishi bilan bog‘liq. Faqat yo‘qotishni ep ko‘riladigan mablag‘lardan foydalanish kerakligini ta’kidlaydi u.

Rivojlanish imkoniyatlari

““Toncoin"ning kelajagi juda qiziqarli va ishonchli ko‘rinyapti. Shunga qaramay, O‘zbekiston bozori uchun bu hech qanday tektonik natija bermaydi”, — dedi “BitMoney Finance” asoschisi

Uning qayd etishicha, “mainstream” kriptovalyutalar bilan ishlash ancha manfaatliroq. Ammo mamlakatda “Telegram” ommalashganini hisobga olsa, yaxshi g‘oyali dasturiy ta’minotlar orqali ommalashtirib O‘zbekiston kriptovalyuta bozoriga ma’lum bir manfaatli ta’sir ko‘satish mumkin.

kripto birja, kripto-aktivlar, toncoin, uznex

Shahruz Ashirov ham kriptovalyutaning O‘zbekiston bozoridagi rivojlanishini uning global miqyosdagi mavqei kabi ijobiy baholamoqda. “„Telegram“ va „TON“ kriptovalyutani milliardlab messenjer foydalanuvchilariga taqdim etdi”, deydi u.

“Analytics Services” direktori Akmal Djalilov ilgari treyding bilan shug‘ullanmaganlarda ham kriptovalyutalarga qiziqish paydo bo‘lganini qayd etdi.

“Toncoin"ni bank kartalari orqali sotib olishning soddaligi yangi foydalanuvchilarni jalb qildi va ko‘pchilik “Ripple” (XRP) va boshqa birjalar kriptovalyutalarini sotib olish imkoniyatini kutmoqda.

“„Toncoin“ allaqachon butun dunyoda, shu jumladan AQSh va Yevropada mashhur bo‘lib, „Telegram“ eng mashhur platformalardan biri bo‘lgan O‘zbekistonda ushbu tanga ilovaga va mamlakatda kripto-valyutalarning rivojlanishiga ishonchni kuchaytirishi mumkin”, — dedi Djalilov.

Bundan tashqari, “Tonkoin"ning muvaffaqiyatli ishga tushirilishi yirik o‘yinchilarning O‘zbekiston bozoriga kirishini tezlashtirishi mumkin, bu esa uning yanada rivojlanishiga yordam beradi.