Toshkent davlat yuridik universiteti logotipini yangilash bo’yicha tanlov o’tkaziladi.

Xabarga ko’ra, tanlovda O’zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan jismoniy yoki yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin. Tanlovda ishtirokchilar yakka va jamoaviy tartibda ishtirok etishi mumkin.

“G'oliblikni qo’lga kiritgan fuqaroga Toshkent davlat yuridik universitetining universitetni rivojlantirish jamg’armasi mablag’lari hisobidan 6 million so’m miqdoridagi pul mukofoti beriladi”, deyiladi xabarda.

Pul mukofoti agar u jismoniy shaxs bo’lsa u bilan universitet o’rtasida tuzaladigan fuqarolik shartnomasi asosida, agar u yuridik shaxs bo’lsa uning bankdagi hisob raqamiga to’lab beriladi.

Tanlov o’tkazish va uning tartibi ommaviy axborot vositalari, xususan, Internet tarmoqlari, shuningdek universitetning rasmiy sayti orqali e’lon beriladi.

Ta’kidlanishicha, ishchi guruh a’zolari ijodiy ishlarni baholashda g’oyaning teranligi va lo’ndaligi, universitet falsafasi, bosma va nobosma materiallar, brendlashtirilgan mahsulot va korporativ sovg’alariga moslashuvchanligi, ishda zamonaviy yondashilganligiga e’tibor qaratadilar.

Universitet logotipini yangilash bo’yicha tanlov uch bosqichda amalga oshiriladi:

  1. 2018-yilning 20-dekabr sanasiga qadar o’tkaziladi. Ushbu bosqichda ishtirokchilar o’zlarining ijodiy ishlarini mualliflik huquqi asosida universitetning Ma’naviyat va ma’rifat markaziga taqdim etadilar.
  2. 2019-yilning 15-yanvar sanasiga qadar o’tkaziladi. Ushbu bosqichda ishtirokchilar tomonidan taqdim etgan ijodiy ishlar tanlov komissiyasi tomonidan saralanadi hamda ularning orasidan yuqorida ko’rsatilgan talablarga mos keladigan 5 dona ish tanlab olinadi.
  3. 2019-yil 18-yanvar sanasiga qadar o’tkaziladi. Ushbu bosqichda tanlov komissiyasi tomonidan tanlab olingan 5 dona ish universitetning telegram messendjeridagi rasmiy sahifasi (tsulofficial) orqali 24 soat davomida ovozga qo’yiladi. Eng ko’p ovoz olgan ijodiy ish g’olib deb topiladi.

G’olib deb topilgan ijodiy ish egasi o’zi tayyorlagan logotining tavsifini universitet jamoasi oldida taqdimot qiladi.