Andijon davlat tibbiyot institutining bioorganik va biologik kimyo kafedrasi dotsenti Toʻlqin Inoqov rahbarligidagi guruh aʼzolari choʻmilish havzalari, baliqchilik hovuzlari va korxonalardan chiqayotgan oqava suvni tozalovchi xlorli vosita hamda gigroskopik tibbiy paxta momigʻini tayyorlashning innovatsion loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Xalq so’zi xabar berdi.

“Bugungi kunda respublikamizda toʻqimachilik sanoati keng rivojlanib bormoqda. Biz yaratgan natriy gipoxlorit dezinfeksiyalovchi modda bilan gigroskopik paxta momigʻi aynan shu korxonalarda ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelgan chiqindilarni qayta ishlash orqali olinadi”, — deydi guruh rahbari, kimyo fanlari nomzodi Toʻlqin Inoqov.

Ta’kidlanishicha, vositalarni qayta ishlash oʻzimizda ishlab chiqarilgan dastgohlar orqali amalga oshirilgani va ular shu paytgacha xorijdan olib kelinayotganligini hisobga olsak tannarx ancha arzonlashadi.

Loyihani amaliyotga tatbiq etish orqali birgina Andijon viloyatining oʻzida har yili 500 ming $ miqdoridagi mablagʻni iqtisod qilib qolish mumkin. Andijonda amalga oshirilgan bu innovatsion jarayon hali birorta davlatda qoʻllanilmagan.