Yanvar oyida O‘zbekistonda tadbirkorlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga ikki yillik moratoriy e’lon qilindi.

Shu munosabat bilan soliq organlari kameral tekshiruvlarga ko‘proq ahamiyat bera boshladilar, zero, bu byudjetga kirimlarning qo‘shimcha manbalaridir, naqd pul tushumi va xodimlar sonining xronometraji kabi jarayonlar esa pardalangan,yashirin soliq tekshiruvlariga aylanadi.

Soliq konsultanti Gulnara Ergasheva biznesni himoyalash uchun bu jarayonlarni takomillashtirish lozimligi haqida yozadi.

Gulnara Ergasheva

Soliq konsultanti

Qanday qilib soliq organlari samaradorligini oshirish va tadbirkorni himoyalash mumkin?

Yilning so‘nggi choragi — tadbirkorlar va buxgalterlar yillik balansga tayyorlanish uchun barcha hujjatlarni, soliq va moliyaviy hisobotlarni qayta ko‘rib chiqadigan palla, ortga nazar tashlash vaqtidir.

Buxgalter uchun elektron tartibdagi “O‘z vaqtida qabul qilish” hisobotini topshirish amalga oshirilgan ishdan to‘la qoniqish, yengil tortish va xotirjamlik hissini uyg‘otadi.

Biroq keyingi vaqtlarda hisobot topshirilgandan keyingi xotirjamlik havotirga aylanmoqda, negaki, ko‘plab soliq to‘lovchilarga kameral soliq nazorati talablari kelib tushmoqda.

Bu soliq nazoratining birinchi shakli va ayni uning natijalari bo‘yicha soliq inspektorlari ko‘pincha “xavf-xatar"ni tashkil qiladilar. Agar hisobotda xato yoki ziddiyat aniqlansa, tashkilot soliq organlari nishoniga tushib qoladi.

Kameral nazorat bu qadar muhim rol o‘ynashiga qaramay, ko‘p tadbirkorlar mazkur tekshiruv va soliq to‘lovchilar hamda soliq organlarining uni o‘tkazish jarayonidagi huquq va majburiyatlari haqida g‘ira-shira tasavvurga egalar.

So‘nggi vaqtlarda soliq organlari aynan kameral tekshiruvlarga ko‘proq ahamiyat qaratmoqda, negaki, u eng avvalo byudjet kirimlarining qo‘shimcha manbalari hisoblanadi.

Mamlakatda tadbirkorlarning moliyaviy-ho‘jalik faoliyatini tekshirishga moratoriy e’lon qilingan, bundan faqat yuridik shaxslar tugatilishi munosabati bilan va jinoiy ishlar doirasida amalga oshiriladigan tekshiruvlar mustasno. Umuman olganda soliq tekshiruvlari juda zahmatli va ko‘p vaqtni oladi, shunday ekan, deyarli barcha soliq to‘lovchilar kameral nazorat bilan qamrab olingan.

Kameral nazorat tufayli soliq to‘lovchi soliq organlari tomonidan doimiy davlat nazoratini his etib turadi.

Mening nazarimda, hozirgi vaziyatda kameral nazorat jarayonida soliq organlari vakolatlarini kengaytirish lozim (soliq to‘lovchidan qo‘shimcha ma’lumotlar talab qilish, izoh va qo‘shimcha hujjatlar olish imkoniyati va hokazo). Bu soliq to‘lovchi faoliyatida muammoli holatlarni aniqlash imkonini beradi.

Kameral soliq nazorati — agar takomillashtiriladigan bo‘lsa, soliq organlari o‘z faoliyati samaradorligini keskin ko‘tara oladigan bo‘g‘in hisoblanadi.

Soliq organlarini modernizatsiya qilish, mohiyatan, ayni kameral tekshiruvlar tartibini modernizatsiyalash demakdir.

Sud majlislarida mutaxassis sifatida qatnashib, men tadbirkor kameral nazorat natijasida soliq organlarining da’vo arizalari bo‘yicha sud organlarida o‘z haqligini isbotlash uchun qancha vaqti va asabini sarflashini ko‘ryapman.

Afsuski, hozir kameral nazorat natijasi iqtisodiy sudda ko‘riladigan ishlarning bevosita sababi bo‘lmoqda.

Prezidentning “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida o‘tkazilgan kameral nazorat bo‘yicha aniqlangan tafovutlar yuzasidan soliq to‘lovchilar tomonidan asoslar taqdim etilmagan taqdirda, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar summalarini sud tartibida undirish bo‘yicha sud tartibini boshqarishi mumkin bo‘lgan qonunni ishlab chiqish to‘g‘risidagi band bor edi.

Qonun ishlab chiqilgani yo‘q, biroq Soliq kodeksining 70 moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Endi agar soliq to‘lovchi o‘z vaqtida aniq soliq hisobotini yoki tafovut dalillarini taqdim etmas ekan, soliq organi qayd etilgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish uchun sudga murojaat qiladi.

Ya’ni, amaldagi qonunchilikka muvofiq, bu — soliq organi iqtisodiy sudga murojaat qilishi lozim bo‘lgan yagona holat.

Biroq amalda soliq organlari xatto soliq to‘lovchi yozma asos taqdim etgan taqdirda ham kameral nazorat natijalari bo‘yicha sudga beradi — asos ularni qoniqtirmaydi.

Tadbirkorlarni himoyalash uchun bu tafovutni yo‘qotish maqsadga muvofiq. Tadbirkor soliq organlari bilan qaytuvchi aloqaga ega bo‘lishi lozim.

Soliq xronometraji — parda ortidagi tekshiruv

So‘nggi vaqtlarda soliq organlari tez-tez naqd pul tushumi va ishlovchilar soni xronometrajlarini o‘tkazmoqda.

Fikrimcha, bu Prezidentning soliq siyosatini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorida 1 oktyabrdan soliq organlari so‘nggi hisobot davrida xronometraj natijalari bo‘yicha tovarlarni (ish, xizmat) sotishdan tushgan kamaytirib ko‘rsatilgan kirim va xodimlar sonidan o‘sib boruvchi soliq to‘lashni talab qilish huquqini oldilar.

Kamaytirib ko‘rsatganlik takroran aniqlangudek bo‘lsa, bu holat soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash deb baholanadi. Shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasiga 20 sentyabrgacha tegishli me’yoriy-huquqiy hujjat ishlab chiqish haqida ko‘rsatma berilgan.

Biroq hozirga qadar xronometraj o‘tkazish tartibi va kirimni hamda xodimlar sonini takroran kamaytirib ko‘rsatilganda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash mezonlari tartibini boshqaruvchi me’yoriy-huquqiy hujjat ishlab chiqilgani, mos ravishda amaldagi Soliq kodeksi va boshqa me’yoriy hujjatlarga o‘zgartish kiritilgani ham yo‘q.

Bu soliq jarayoni bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tahlil qilishga urinib ko‘raman.

Shunday qilib, biz Soliq kodeksining 70, 71 va 71−1 moddalariga egamiz.

  • 71-moddaga muvofiq naqd pul kirimlari xronometraji natijalari faqat soliq hisobotlari ishonchliligi tahlili va soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bog‘liq obyektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini yuritishda foydalaniladi. Xronometraj natijasi soliq to‘lovchini javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Bu xronometraj o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomda ham tasdiqlangan.
  • 71−1 moddasiga ko‘ra monitoring natijalari faqat xodimlarning hisobotdagi va amaldagi miqdori muvofiqligini tekshirish va soliq solinadigan bazani aniqlash uchun foydalaniladi. Monitoring tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Shunday qilib, hozirga qadar naqd pul tushumi va xodimlar miqdori xronometraji o‘tkazish tartibi tasdiqlangani yo‘q (QHTBT portalida bu qonun loyihasi chop etildi, biroq, u qabul qilinmadi).

Jumladan, Prezident qarorida so‘nggi hisobot davri bo‘yicha hisobga olish o‘tkazilishi ko‘rsatilgan, qonun bilan “so‘nggi hisobot davri” nima ekani aniqlashtirilmagan.

Soliq kodeksida: “hisobot davri”, “soliq davri”, “o‘tgan hisobot davri” degan tushunchalar bor. Shu bilan birga, har bir soliq va majburiy to‘lovning o‘z hisobot davri bor: YaST uchun — chorak, YaIT uchun oy, JShDS uchun — chorak.

Qonunchilikda “so‘nggi hisobot davri” degan tushuncha yo‘q va soliq xronometraji, uning jarayonlari tartibi, soliq organlari vakolatlari, subyektlar huquqlari haqidagi me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilmas ekan, soliq to‘lovchi uchun u niqoblangan, yashirin soliq tekshiruviga aylanadi.