24-dekabr kuni “Yil ayoli-2018” milliy tanlovi va “Nafosat-2018” koʻrik-tanlovi gʻoliblarini aniqlash marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda har ikki tanlov gʻoliblari aniqlandi.
“Yil ayoli-2018” milliy tanlovining “Gran-Pri” oliy oʻringa Muhammad al-Xorazmi nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining yosh olimasi Saida Beknazarova loyiq, deb topildi. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar berdi.
Saida Beknazarova multimedia tizimlarida diskret-uzluksiz axborot resurslarga ishlov berish, qayta ishlashning usul, algoritmlar va dasturiy taʼminotlarni yaratish, jarayonlarini modellashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlari yuzasidan jami 169 ta ilmiy ishlari xorij va mamlakatimiz nufuzli jurnallarda chop etilgan. 9 ta darslik, oʻquv qoʻllanma, monografiyalar muallifi.
Axborotlarni qayta ishlash, uzatish jarayonlarda bir vaqt moboynida uzluksiz matn, audio, video maʼlumotlarni yoʻqotishlarsiz sifatli yetkazib berishga qaratilgan 15 ta EHM uchun yaratilgan dasturiy vositalarga Intellektual mulk agentligi tomonidan berilgan guvohnomalar muallifi. Shuningdek, Nyuton medali sohibasi hamdir.