O’zbekistonning ayrim hududlarida gaz quyish shahobchalaridagi narxlar asossiz oshirildi. Bu haqda Davlat soliq qo’mitasi matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Xabarga ko’ra, O’zbekistonning ayrim hududlarida avtomobillarga xizmat ko‘rsatuvchi siqilgan va suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish shahobchalarida o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan joriy yilning 4 yanvarida 1 m3 metan gaz narxi 1900 so‘mdan 2200 so‘mgacha, ya’ni 300 so‘mgacha hamda 1 litr propan gazning narxi 200 so‘mdan 500 so‘mgachа oshganligi kuzatildi.

“Ayniqsa, bunday holat Toshkent shahri, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida kuzatilmoqda”, deyiladi xabarda.

Qo’mita tomonidan tanlov asosida bir qancha metan gaz quyish shoxobchalarining faoliyati tahlil qilinganda, 2018 yilning 9 oyida 1 m3 metan gazning o‘rtacha narxi 1650 so‘mdan sotilgan bo‘lsa, 4 chorakka kelib 1950 so’mgacha oshirilgan. Joriy yildan boshlab esa hech qanday asossiz ravishda 1900 so‘mdan oshirilib, 2200 so‘mgachа sotilmoqda.

Natijada gaz quyish shahobchalarining rentabellik darajasi 2018 yilning 9 oyligidagi 20−29%дан 45−60%gacha oshgan. Agar ushbu shoxobchaning rentabellik darajasi 30−36% miqdorida saqlangan holatda narx 1800−1900 so‘mdan oshmasligi kerak edi.

Davlat soliq qo‘mitasi hisobida, 2019 yilning 1 yanvaridan amaldagi soliq konsepsiyasi doirasida 1 m3 metan gazning narxi 210 so‘mgacha oshishi ham inobatga olingan.

Jumladan, gaz uchun aksiz solig‘i kiritilishi hisobiga 55 so‘m, yagona soliq to‘lov o‘rniga qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk, yer solig‘i va foyda solig‘i kiritilishi natijasida 155 so‘m oshishi mumkin edi.

“Daromadlilik va rentabellik darajasini yuqori miqdorlarda saqlash maqsadida ayrim gaz to‘ldirish shoxobchalari asossiz ravishda narxlarni oshirishga urinmoqda. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan asossiz ravishda narxlarni oshirishga urinadigan „tadbirkorlar“ faoliyati nazorat qilib boriladi”, deyiladi xabarda.

Joriy yilning 1 yanvaridan soliq o‘zgarishlari natijasida narxlarni o‘zgartirmasdan faoliyat ko‘rsatilganida ham gaz quyish shahobchalarining rentabellik darajasi 25−30%ni tashkil etadi. Bu o‘z navbatida, iqtisodiyot tarmog‘idagi rentabellik darajasi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlardan birini tashkil etmoqda.