Yangi tahrirdagi “Mulk to‘g‘risida"gi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.Bu haqda Prezidentning “Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va iqtisodiy siyosat samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida keltirilgan.

Farmon bilan Jahon banki va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan 2019 — 2021 yillarda O‘zbekistonda tarkibiy islohotlar asosiy yo‘nalishlarining “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

“Yo‘l xaritasi” doirasida “Xufyona iqtisodiyot"ni qisqartirish bo‘yicha Dastur, O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shunindek qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya hamda yangi tahrirdagi “Mulk to‘g‘risida"gi Qonun ishlab chiqiladi.

Iqtisodiy kengash tomonidan quyidagi loyihalar ishlab chiqiladi hamda Prezident Administratsiyasiga kiritiladi:

Strategiyalar:

  • davlat ulushiga ega bo‘lgan korxonalarni isloh qilish bo‘yicha — 2019 yil 1 iyungacha;
  • milliy raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish (Raqamli O‘zbekiston — 2030) bo‘yicha — 2019 yil 1 dekabrgacha;
  • ta’limni rivojlantirish bo‘yicha — 2020 yil 1 martgacha;
  • suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish bo‘yicha — 2020 yil 1 sentyabrgacha.

Konsepsiyalar:

  • O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha — 2019 yil 1 aprelgacha;
  • qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha — 2019 yil 1 oktyabrgacha;
  • monetar siyosatni kuchaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha — 2019 yil 1 oktyabrgacha;
  • davlat pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha — 2020 yil 1 yanvargacha;
  • moliyaviy sektorni yanada rivojlantirish bo‘yicha — 2020 yil 1 iyungacha.

“Yo‘l xaritalari”:

  • investitsion muhitni yaxshilash bo‘yicha — 2019 yil 1 aprelgacha;
  • yerdan foydalanishda moslashuvchanlik va shaffoflikni oshirish bo‘yicha — 2019 yil 1 noyabrgacha;
  • atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha — 2020 yil 1 sentyabrgacha.