Prezidentning “Jizzax viloyatini kompleks rivojlantirishni davlat tomonidan tartibga solish va boshqarishning samarali modelini ishlab chiqish to‘g‘risida"gi farmoni e’lon qilindi.

Farmonga muvofiq, “Ilg‘or hudud” sinov loyihasini (keyingi o‘rinlarda — sinov loyiha) amalga oshiriladi.

Loyihada quyidagilar nazarda tutiladi:

  • normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, davlat tomonidan tartibga solish va boshqarish sohasini tahlil qilish va baholash;
  • hududni jadal rivojlantirish uchun ilg‘or qarorlarni aniqlash, shuningdek, respublika va hududiy ijro hokimiyati organlarining javobgarlik sohasini aniqlashtirish;
  • hududning strategik maqsadlari, shuningdek, hududiy davlat boshqaruvi organlari uchun maqsadli ko‘rsatkichlarni shakllantirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
  • hudud aholisining yashash sharoitlarini yaxshilash va daromadlarini oshirish;
  • tarkibiy islohotlar yordamida investitsiyaviy muhitni yaxshilash;
  • “Bir qishloq — bitta mahsulot” tamoyili bo‘yicha talab yuqori bo‘lgan tovarlarni ishlab chiqarish uchun shart-sharoitlarni jadallik bilan yaratish;
  • iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirish va sanoatning yangi tarmoqlarini rivojlantirish, Jizzax viloyatida ishlab chiqariladigan mahsulot va xizmatlarning raqobatbardoshligini oshirish uchun shart-sharoitlarni yaratish.

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi sinov loyihani tizimli va samarali tayyorlash hamda amalga oshirish uchun mas’ul organ etib belgilandi.

Agentlik tomonidan 2019 yil 1 martgacha Jizzax viloyatini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.

Konsepsiyada quyidagilar aks ettiriladi:

  • turizm tarmog‘ini, shu jumladan Zomin tumanida turizm klasterlarini tashkil etish;
  • suv, gaz va elektr ta’minoti, kanalizatsiya tarmoqlari, yo‘l infratuzilmasi, Internet tarmog‘ini rivojlantirish;
  • raqamli iqtisodiyot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, iste’dodli bolalar va yoshlar imkoniyatlarini, tranzit yo‘llaridagi infratuzilmani rivojlantirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar berish.