Shavkat Mirziyoyevga Toyloq tumanidagi “Pet Agro Oil” qo‘shma korxonasida Samarqand viloyatiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohalariga oid loyihalar namoyish etildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2019 yilda viloyatda 355 million $ investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. O‘zbekistonning Xitoy, Turkiya va Ispaniyadagi elchixonalari hamda Gretsiyadagi konsulxonasi viloyat tumanlariga biriktirilgan.

Ushbu vakolatxonalar rahbarlari mahalliy hokimliklar bilan birga shakllantirilgan investitsiya loyihalarini taqdim etdi.

Shuningdek, “Azia Metall Prof” qo‘shma korxonasi tomonidan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida tunukani rux bilan qoplash, qayta ishlash va polimerizatsiyalashni tashkil etish, 4 ming 300 gektar maydonga intensiv bog‘ yaratish, paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil qilish, tomchilatib sug‘orish, parrandachilikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar yuzasidan ma’lumot berildi.

Prezident ushbu loyihalar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berib, xorijiy tajribani o‘rganish, kerak bo‘lsa, chet eldan konsultantlar jalb etish zarurligini ta’kidladi.

Samarqand viloyatida 37 ming gektardan ziyod lalmi yer foydalanilmayotgani, ularni ishga solib, aholini ish va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash mumkinligi qayd etildi.