Namanganda faoliyat yuritayotgan “Ideal Tekstil Orzu” MCHJ kostyum va kurtkalari Germaniya bozoriga kirib boradi.

Germaniyalik ishbilarmonlar korxona mahsulotlariga qiziqish bildirmoqda. Ishbilarmonlar bilan shartnomalar tuzish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy masalalar ustida ish olib borilmoqda, deb xabar beradi “O'zA”.

"Tez orada “Made in Uzbekistan” brendi ostida “Ideal” yorlig‘i bilan jo‘natilgan kostyum va kurtkalarimiz Germaniya bozoriga kirib boradi. Kelajakda eksport geografiyasini yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz", — deydi korxona rahbari.

Korxonada Germaniya, Yaponiya, Turkiya, Xitoy kabi davlatlar texnologiyasi asosida erkaklar kostyumi va kurtkalari ishlab chiqarilmoqda.

Yiliga 250 ming dona turli assortimentdagi kiyim-kechak ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada tayyorlangan mahsulotlarning 60%ini tashqi bozorga chiqarish mo‘ljallanmoqda. Bu dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2,7 million $ni tashkil etadi.