Yangi “Business city” loyihalarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Loyihalar Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlarida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
Xabarga ko’ra, “Mirzo Ulugbek Business city” loyihasi Amir Temur maydonidan Mustaqillik va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari bo‘ylab 6.5 km masofada, “Yunusobod Business city” loyihasi Yangi shahar va Chinobod ko‘chalari kesishmasida joylashadi.
“Mazkur loyihalar doirasida zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan mehmonxonalar, ko‘p qavatli turar-joy binolari, chakana savdo do‘konlari, ko‘p tarmoqli majmualar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari kabilarni o‘z ichiga oladi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, “Yunusobod Business city” markazi 4 ta lotdan iborat. 41 gektar maydonda qurilishi kutilayotgan markazning birinchi lotida 9,12,15 qavatli 3 va 4 yulduzli mehmonxonalar bunyod etiladi.
Ikkinchi lot hududida maktab va bog‘cha hamda 1388 o‘rinli avtoturargoh barpo etish ko‘zda tutilgan. Maydoni 1,4 gektar bo‘lgan uchinchi lotda ofis va mehmonxonalar, 12 va 15 qavatli binolar quriladi. 18,2 gektarlik to‘rtinchi lotda esa katta bog‘, kichik do‘kon va restoranlar qurish rejalashtirilgan.