Prezident raisligida 25 fevral kuni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim bo‘lgan g‘alla parvarishini tizimli tashkil etish va hosilga-hosil qo‘shish bo‘yicha amalga oshiriladigan dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.

Fyermerlarni rag‘batlantirish uchun 2019 yilda bug‘doyning har bir tonnasi uchun 1 million 200 ming so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 1,6 barobar yuqori xarid narxi belgilandi. Yuqori hosil olgan fermerlarga davlat xarid narxiga 25%gacha, ya’ni har bir tonna don uchun 300 ming so‘mgacha ustama qo‘llash tizimi joriy qilindi.

“Yurtimiz tabiati — Yaratganning in’omi. G‘alla, don esa asosiy iste’mol tovarlaridan biri. G‘alladan mo‘l hosil yetishtirsak, don ishlab chiqarish ko‘payadi, oziq-ovqat mahsulotlari arzon bo‘ladi. Bu judayam muhim, xalqimiz farovonligi bilan bog‘liq masala”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari paxtachilikda o‘zini oqlayotgan tajribadan kelib chiqib, g‘allachilik bo‘yicha ham klasterlar tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Mutasaddi rahbarlar va viloyatlar hokimlariga bu borada tegishli topshiriqlar berdi.

Fermerlar ham, klasterlar ham iqtisodiy manfaat bilan ishlashi, shartnoma rejasidan orttirib hosil olib, daromadini ko‘paytirishi kerakligi qayd etildi.

“G‘allachilik qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari uchun ham muhim ahamiyatga ega. Xususan, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklarining ozuqaga doimiy ehtiyoji bor. Endi bunday xo‘jaliklar bilan fermerlar o‘rtasida g‘alla hosilining muayyan qismini sotib olish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilishi yo‘lga qo‘yiladi”, deyiladi xabarda.

G‘alla parvarishlanib, hosilga-hosil qo‘shiladigan paytda parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklari fermer xo‘jaliklariga mablag‘ yo‘naltirib, keyinchalik arzon ozuqa oladi.

Pirovard natijada g‘alladan mo‘l hosil yetishtirishga, undan ozuqa tayyorlash orqali go‘sht, tuxum kabi oziq-ovqat mahsulotlarining arzon bo‘lishiga ham erishiladi. Bundan ikki tomon ham manfaat ko‘radi.

G‘alla parvarishi bo‘yicha tashkil etilgan respublika ishchi guruhlari joylarga borib, viloyatlar va tumanlar 4 ta sektor rahbarlari bilan birga g‘alla hosildorligini kamida 30%ga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqib, ijrosini tashkil qilishi zarurligi qayd etildi.

Bunda birinchi navbatda g‘allani 10 martgacha azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirishga alohida e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi. Suv xo‘jaligi vazirligiga suvni tejab ishlatish, sug‘orish bo‘yicha yangi texnologiyalarni joriy etish vazifasi qo‘yildi. Joylardagi sektorlar rahbarlariga har bir fermer xo‘jaligi kesimida zarur agrotexnik tadbirlarni belgilab, izchil amalga oshirilishini ta’minlash topshirildi.