Joriy yilning 28 fevral kuni Xalq taʼlimi vazirligi hamda Kembrij Universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon Kengashi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Mazkur hujjat Prezident maktablari oʻquv jarayonlarini rivojlantirish va shakllantirishda XTV hamda Cambridge Assessment International Education oʻrtasidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

“Memorandum doirasida Prezident maktablariga iqtidorli oʻquvchilarni qabul jarayonini adolatli, ishonchli va shaffof oʻtkazishni joriy etish belgilandi. Cambridge Assessment Prezident maktablarida oʻquvchilarning intellektual salohiyatini ochishga yordam beruvchi oʻquv dasturlarini joriy etishda koʻmak beradi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, hamkorlik yoʻnalishlaridan yana biri Prezident maktablari rahbariyati hamda oʻqituvchilari malakalarini xalqaro meʼyorlarga muvofiq oshirish hisoblanadi.

Maktablarga kirish imtihonlari yozma, ogʻzaki hamda mantiqiy fikrlash natijalariga koʻra amalga oshiriladi.

2019 yil holatiga koʻra Kembrij Universiteti Buyuk Britaniyaning eng yaxshi universiteti hisoblanadi. Universitet butun dunyo universitetlari reytingida ikkinchi oʻrinni egallaydi. Times Higher Education reytingiga koʻra, Kembrij universiteti barcha fanlarning oʻqitilishi boʻyicha top 10 talikka kiruvchi dunyodagi yagona oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

1858 yilda Universitetda Imtihon Kengashi (University of Cambridge Local Examinations Syndicate) tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur Imtihon Kengashi Cambridge Assessment mashhur brendi nomi bilan tanilgan. Ayni paytda Kengash baholash va test natijalari boʻyicha dunyodagi yirik agentlik hisoblanadi. Shuningdek, dunyo miqyosida baholash va test jarayonlarini rivojlantirishda yetakchilik qiladi.

Ilgari Spot prezident maktablari tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.