Shavkat Mirziyoyev “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.

Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasasi shaklidagi Prezident maktablari tashkil etiladi.

Prezident maktablariga qabul qilish respublika umumta’lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasidan Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Maktabning yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil — 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi va birinchi o‘quv yilida prezident maktablarining har biriga 5−10-sinflarga 144 nafardan o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi.

Ta’lim jarayoni xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshirilib, “STEAM — ta’lim” (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san’at, Mathematics — matematika) dasturi joriy etiladi.

Foto: Xalq ta’limi vazirligi