IT Park rezidentlari reyestridan yil boshidan buyon qariyb 1 mingta kompaniya chiqarildi. Bu haqda Spot’ga texnopark matbuot xizmati ma’lum qildi.
Sentabrning dastlabki yarmida IT Park rezidentlar o‘rtasidagi majburiyatlarini bajarmagan 105 ta kompaniyani reyestrdan chiqardi. 2026-yil boshidan buyon esa bu chora 943 ta kompaniyaga nisbatan qo‘llangan.
Reyestrdan chiqarilgan kompaniyalarning eng ko‘pi Toshkent shahrida — 433 ta. Hududlar orasida Toshkent viloyati (77 ta), Samarqand viloyati (68 ta), Qoraqalpog‘iston (60 ta), Farg‘ona viloyati (56 ta) va Xorazm viloyati (38 ta) yetakchilik qilmoqda. Andijon va Buxoro viloyatlarida esa eng kam — 21 tadan kompaniya reyestrdan chiqarilgan.
IT Park ma’lumotiga ko‘ra, chiqarilishning asosiy sabablari majburiyatlarni bajarmaslik, choraklik va auditorlik hisobotlarini belgilangan muddatda taqdim etmaslik bilan bog‘liq.
Rezident maqomini saqlab qolish uchun kompaniyalar tasdiqlangan faoliyat yo‘nalishlari va biznes-reja doirasida ishlashi, faoliyat natijalari haqida o‘z vaqtida ma’lumot taqdim etishi, har yili auditdan o‘tishi hamda IT Park bilan tuzilgan shartnoma shartlariga rioya qilishi kerak. Bu talablar Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi qarori bilan belgilangan.
Hozir IT Park reyestrida 4060 ta rezident mavjud bo‘lib, ularning 1100 dan ortig‘i xalqaro kompaniyalar hisoblanadi. Bunda rezidentlar soni har kuni o‘zgarib turadi.
Avvalroq Spot IT Park ish izlovchilar uchun Talent Park botini ishga tushirgani haqida yozgandi.