O‘zbekistonda amaldagi yoqilg‘i aksiz solig‘ini uglerod solig‘iga transformatsiya qilish taklif etilmoqda. Bu haqda 17-sentabr kuni o‘tkazilgan “O‘zbekistonda uglerodga narx belgilash: uglerod solig‘i, emissiyalar savdosi tizimi (ETS) va biznesning tayyorgarligi” mavzusidagi seminarda ma’lum qilindi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, aksiz solig‘ini uglerod solig‘iga almashtirish dastlabki bosqichda ichki bozordagi biznes uchun qo‘shimcha soliq yuklamasini yuzaga keltirmaydi — to‘lov stavkalari amaldagi darajada saqlab qolinadi.
“Uglerod to‘lovi aniq va shaffof bo‘lishi kerak. Agar uglerod solig‘i joriy etilsa-yu, biroq ushbu mablag‘lar kompensatsiyalar ko‘rinishida o‘sha korxonaning o‘ziga qaytarib berilsa, Yevropa Ittifoqi buni e’tiborga olmaydi. Boshqacha aytganda, bunday holda Yevropa bozoriga eksport qilishda CBAM bo‘yicha majburiyatlar kamaymaydi”, — deya tushuntirdi Expertise France vakili Stanislav Kolar.
Biroq bu qadam Yevropa Ittifoqiga mahsulot eksport qiluvchi mahalliy sanoat korxonalari uchun Yevropaning Chegaraviy uglerod mexanizmi (CBAM) bo‘yicha to‘lanadigan moliyaviy yuklamani keskin kamaytirish — amalda ikki baravargacha qisqartirish va ikki yoqlama to‘lovning oldini olish imkonini beradi.
Yevropa Ittifoqi reglamentining 9-moddasiga ko‘ra, eksport qiluvchi mamlakat ichida karbonat angidrid gazi (CO₂) va issiqxona gazlari emissiyasi uchun to‘langan to‘lovlar Yevropaga to‘lanadigan CBAM majburiyatlaridan chegirib qolinadi. Bu orqali Yevropa bozoriga chiqishda to‘lanadigan boj summasi mamlakat ichida saqlanib qoladi.
Muloqot chog‘ida uglerod solig‘ining Emissiyalar savdosi tizimi (ETS) bilan farqlari va mamlakat investitsiyaviy jozibadorligiga ta’siri ham muhokama qilindi. ETS tizimida energiya samarador texnologiya joriy etgan korxonalar to‘lovdan to‘liq ozod bo‘lishi mumkin, uglerod solig‘ida esa ishlab chiqarish va resurs hajmidan kelib chiqib to‘lov amalga oshiriladi.
Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, narx shakllanish usulidan qat’i nazar, iqtisodiyotda uglerod qiymatining paydo bo‘lishi xususiy sektorni emissiyani kamaytiruvchi yangi texnologiyalarga investitsiya kiritishga undaydi.
Xalqaro ekspert Karel Malekning qayd etishicha, Qozog‘iston tajribasidagi kabi murakkab ETS bozorini yaratishdan ko‘ra, O‘zbekiston uchun jarayonni dastlab amaldagi aksiz solig‘ini transformatsiya qilish orqali ishlaydigan uglerod solig‘idan boshlash eng optimal va samarali strategiya hisoblanadi. Bunday tizimga o‘tish uchun zarur tayyorgarlik ishlari ham olib borilmoqda.
O‘zkimyoimpaks vakili Jo‘rabek Akbarovning bildirishicha, tarmoq korxonalarida CBAM bo‘yicha ma’lumotlar bazasi shakllantirilib, Yevropa tuzilmalariga tegishli hisobotlar taqdim etilmoqda. Mahsulot ishlab chiqarish jarayonida emissiyalarni kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, milliy uglerod narxlash mexanizmining mavjud emasligi eksportchilarga amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalarni iqtisodiy jihatdan to‘liq hisobga olish imkonini bermayapti. Natijada CBAM doirasidagi to‘lovlar eksport mahsulotlari tannarxi va ularning Yevropa bozoridagi raqobatbardoshligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
O‘zbekneftgaz vakili Mahmud Nigmadjanovning qayd etishicha, xalqaro audit jarayonida obyektlarning 10−20% i tanlab o‘rganiladi. Ularning tajribasi korxonalarda emissiyalarni o‘lchash va ularni kamaytirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotganini ko‘rsatmoqda. Biroq bunday natijalarni xalqaro bozorda to‘liq iqtisodiy qiymatga aylantirish uchun milliy MRV tizimini takomillashtirish, uglerod narxlash mexanizmini joriy etish hamda kelgusida ETS kabi bozor instrumentlarini shakllantirish muhim.
Aks holda, korxona emissiyalarni amalda qisqartirgan taqdirda ham, yagona milliy tizim va verifikatsiya mexanizmlarining yetarli darajada shakllanmagani ushbu natijalarni xalqaro talablar doirasida tasdiqlash va iqtisodiy manfaatga aylantirish imkoniyatlarini cheklaydi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda 2028-yildan boshlab yirik korxonalar uchun uglerod solig‘ini joriy etish taklif etilayotgani haqida yozgandi.