E’tibor qarating: manbadan olingan ma’lumotlar faqatgina ma’lumot olish uchun taqdim etilgan. Xabarda keltirilgan ma’lumotlar uchun Spot nashri javobgar hisoblanmaydi.


2025-yil yozida Fransiyada o‘g‘irlab ketilgani va qiynoqqa solingani haqida bayonot bergan o‘zbekistonlik moliyachi Qahramonjon Olimovning o‘zi endilikda odam o‘g‘irlashni tashkil etishda rasman ayblanmoqda.

Anorbank rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, Qahramonjon Olimov bankning Kuzatuv kengashi a’zosi sifatida ko‘rsatilgan.

The Insider ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston sudi Olimovni sirtdan hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqargan va u xalqaro qidiruvga berilgan. Bu haqda Olimovning hamkorlariga yaqin manba ma’lum qilgan.

Ish bo‘yicha hozircha rasmiy ma’lumotlar oshkor qilinmagan. Biroq The Insider manbasiga ko‘ra, Olimov Fransiyadagi o‘zining o‘g‘irlab ketilishini sobiq ish beruvchisi va moliyaviy nizodagi raqibi Botir Rahimovni jinoyat tashkilotchisi sifatida ko‘rsatish maqsadida sahnalashtirgan bo‘lishi mumkin.

2025-yil noyabrida The Insider va Fransiyaning L’Express jurnali Olimovning bayonotidagi bir qator qarama-qarshiliklarni aniqlagan. Bu holatlar moliyachining o‘g‘irlanishi sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Jumladan, Olimov ozod qilinganidan keyin keyinchalik o‘zini o‘g‘irlaganlardan biri deb ta’riflagan shaxs bilan do‘stona yozishmalar olib borgan. Shuningdek, unga politsiya faoliyati haqida ogohlantirib, hibsga tushmaslik yo‘llarini ko‘rsatgan.

Hozir Olimov Rahimovni o‘zini o‘g‘irlashni tashkil qilganlikda yolg‘on ayblashda gumon qilinmoqda. Bundan tashqari, Olimov O‘zbekiston xavfsizlik xodimlari bilan til biriktirib, moliyaviy da’volaridan voz kechishga majburlash uchun Rahimovni amalda o‘g‘irlashni tashkil qilgan bo‘lishi ham taxmin qilinmoqda. Rahimov avvalroq Olimovni o‘ziga tegishli biznes aktivlarini nazoratiga olganlikda ayblab, $200 mln dan ortiq kompensatsiya talab qilgan.

Sahnalashtirilgan o‘g‘irlash

2025-yil yozida Olimov Parij markazida o‘g‘irlab ketilgani, noma’lum joyga olib borilgani va keyinchalik Nitssa yaqinidagi villaga ko‘chirilganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, u yerda kaltaklangan, qiynoqqa solingan va $10 mln to‘lashga majburlangan.

Olimovning versiyasiga ko‘ra, o‘g‘irlaganlar u $5 mln lik qarzdorlik tilxatini imzolash va $200 ming berishga rozi bo‘lganidan keyin uni qo‘yib yuborgan. Parijga qaytgach, Olimov politsiyaga murojaat qilgan.

Biroq The Insider va L’Express qo‘shma tekshiruvi Olimovning hikoyasida bir qator nomuvofiqliklarni aniqlagan. U ushlab turilganini aytgan villa vositachi orqali, uning yaqin hamkoriga tegishli hujjatlardan foydalanilgan holda ijaraga olingan.

Olimov ozod qilinganidan so‘ng Parijga qaytish uchun birinchi klassdagi aviachiptani u o‘g‘irlashda bevosita ishtirok etgan deb ko‘rsatgan M. ismli shaxsning haydovchisi to‘lagan. Olimov politsiyaga murojaat qilganidan keyin ham M. bilan do‘stona yozishmalarni davom ettirgan. Uzoq davom etgan politsiya so‘rovida esa M.ga $200 ming berilgani haqida gapirgan.

Keyinchalik ham ular yozishib turgan. M. politsiya voqea sahnalashtirilganini aniqlagan-aniqlamaganini so‘raganida, Olimov javob bermagan. Bir necha kundan keyin Olimov ular o‘rtasida “adovat yo‘qligini” yozgan va M. hibsga olinmaganidan xursandligini bildirgan.

Olimovning aytishicha, qiynoqqa solinganidan sakkiz kun o‘tib o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda faqat kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan yengil ko‘karish va tirnalishlar qayd etilgan.

Tekshiruv davomida Olimov sobiq ish beruvchisi Botir Rahimov bilan ko‘p yillik moliyaviy nizoda bo‘lgani ham aniqlangan. Rahimov 2016-yilda O‘zbekistondan Turkiyaga ketganidan so‘ng uning biznesining katta qismi Olimov boshqaruviga o‘tgan. Keyinchalik Rahimov bu kelishuvni o‘zi uchun juda noqulay deb hisoblagan.

O‘zbekistonga qaytgach, Rahimov kelishuv shartlarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan va Olimovdan $200 mln dan ortiq mablag‘ talab qilgan. Olimovning o‘g‘irlab ketilgani haqidagi da’volari aynan shu mojaro davom etayotgan 2025-yil yozida paydo bo‘lgan.

Yangi elektr stansiyasi va O‘zbekiston energetika vazirining hibsga olinishi

E’tibor, shuningdek, Olimov bilan bog‘liq QuWatt B.V. kompaniyasi ishtirokidagi O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatidagi bug‘-gaz elektr stansiyasi loyihasiga qaratilgan.

27-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev loyihani tanqid qilib, stansiya uchun joy noto‘g‘ri tanlanganini va uni mamlakat gaz tarmog‘iga ulash qo‘shimcha $300 mln xarajat talab qilishini aytgan. U investor bilan tuzilgan kelishuv ham yetarlicha puxta ko‘rib chiqilmaganini, shu sababli qo‘shimcha kutilmagan xarajatlar yuzaga kelishi mumkinligini bildirgan.

Shu yig‘ilishda Mirziyoyev energetika sohasidagi “jiddiy kamchiliklar” sababli Mirzamaxmudovni energetika vaziri lavozimidan ozod qilgan. Ikki kun o‘tib, Mirzamaxmudov hibsga olingan, 30-iyul kuni esa sud uni qamoqda saqlash haqida qaror chiqargan. Xorijiy OAV O‘zbekistonning huquq-tartibot idoralaridagi bir nechta mustaqil manbaga tayanib, sobiq vazir mansab vakolatini suiiste’mol qilish va o‘zlashtirishda gumon qilinayotganini xabar qilgan.

Qiymati qariyb $1,2 mlrd bo‘lgan loyiha dastlab Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Stone City Energy B.V. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Olimov 2019-yilda kompaniya tashkil etilganidan 2024-yil martigacha uning yagona yakuniy benefitsiar egasi bo‘lgan.

Keyinchalik qayta tuzish kelishuvidan so‘ng ham Olimov loyiha bo‘yicha iqtisodiy manfaatini QuWatt B.V. orqali saqlab qolgan. Mazkur kompaniya hanuz uning to‘liq nazoratida bo‘lib, SCE-Quvvat LLC loyiha kompaniyasi egalari qatoriga kiradi. Uning boshqa egalari — EDF, Siemens Energy va Qatar’ning Nebras Power kompaniyalari.


Avvalroq Spot Anorbank reklama qoidalarini buzgani uchun jarimaga tortilgani haqida yozgandi.

Bank Instagram‘dagi aksiya reklamasida uning amal qilish shartlari, limit va komissiya haqidagi muhim ma‘lumotlarni ko‘rsatmagan.