Raqobat qo‘mitasi Anorbank‘ni reklama qonunchiligi talablarini buzganlik uchun moliyaviy jarimaga tortdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroning murojaati asosida bankning Instagram‘ida joylashtirilgan aksiya reklamasi o‘rganilgan.

Murojaatda reklamada aksiya shartlari to‘g‘risida to‘liq ma‘lumot berilmagani yuzasidan e‘tiroz bildirilgan.

O‘rganishlarda reklamada moliyaviy xizmatlarga oid muhim shartlar, jumladan, aksiyaning amal qilish shartlari, belgilangan limit hamda limitdan oshgan taqdirda undiriladigan komissiya haqida ma‘lumotlar keltirilmagani aniqlangan.

Shu asosda Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 16, 21 va 43-moddalari talablari buzilgani alomatlari yuzasidan Anorbank‘ka nisbatan ish qo‘zg‘atildi.

Ishni ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, bankka moliyaviy jarima qo‘llanildi. Shuningdek, qonunbuzarlikni bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.

Spot, avvalroq, Umra tadbirlari bo‘yicha reklama talablarini buzgan shaxslarga chora ko‘rilgani haqida yozgandi.