O‘zbekistonda yirik sanoat korxonalari uchun uglerod solig‘ini bosqichma-bosqich joriy etish taklif qilindi.

Ushbu taklif Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti tomonidan 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan fiskal muloqotda ilgari surildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Taqdimotga ko‘ra, tayyorgarlik bosqichi 2027-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu davrda issiqxona gazlari chiqindilari inventarizatsiya qilinadi, soliq bazasi, stavkasi va yangi mexanizm tatbiq etiladigan korxonalar doirasi belgilanadi.

Uglerod solig‘ini 2028-yildan joriy etish taklif etilmoqda. Dastlab u yirik sanoat korxonalariga tatbiq etiladi, keyinchalik esa qamrovi kengaytirilishi mumkin. 2029−2030-yillarda stavkalarni oldindan e’lon qilingan jadval asosida bosqichma-bosqich oshirish ko‘zda tutiladi.

Yangi soliq parametrlari, jumladan, uning stavkasi, soliq bazasi va qamrovi hozircha ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga, taqdimotda ushbu mexanizmning fiskal samarasi 2028-yildan kutilayotgani qayd etilgan.

Soliq bazasi sifatida CO₂ chiqindilari hajmi yoki uglevodorod yoqilg‘isi iste’moli hajmi olinishi taklif etilgan.

Tashabbus mualliflari uglerod solig‘ini joriy etish foydasiga bir nechta dalillarni keltiradi:

  • tuzatish solig‘i: chiqindilar narxi korxonalar xarajatlariga kiritiladi;
  • energiya samaradorligini oshirish va chiqindilarni kamaytirish uchun rag‘batlantirish;
  • uglerod uchun ichki narx belgilash xorijda uglerod yig‘imlarini to‘lash xavfini kamaytiradi.

Avvalroq Spot omonatlar foizlaridan 5% lik soliq undirish taklif qilingani haqida yozgan edi.