O‘zbekistonning to‘qimachilik korxonalari Ispaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlari bozorlariga eksportni oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Dunyo xabar berdi.

Yetakchi kompaniyalar vakillari va soha ekspertlari Ispaniyaning Ayecotex kompaniyasi rahbari Alejandro Pastrana bilan onlayn muzokara o‘tkazdi.

Konferensiyada O‘zbekistonning Madriddagi elchixonasi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi vakillari ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini Ispaniyada ilgari surish va eksport geografiyasini kengaytirish mexanizmlari muhokama qilindi. Ishlab chiqaruvchilarni Yevropa Ittifoqidagi potensial buyurtmachilar bilan bog‘lash rejalashtirilmoqda.

Tomonlar xususiy savdo markalari, tibbiyot va ijtimoiy tashkilotlar uchun mahsulot yetkazib berish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, Ispaniya brendlari va yirik chakana savdo tarmoqlari bilan hamkorlik qilish, maxsus to‘qimachilik materiallarini ishlab chiqarish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

ispaniya, madrid, savdo zali, to‘qimachilik

Yetkazib beruvchilarni tanlashda logistika, mahsulot sifati, raqobatbardosh narx va to‘lov shartlari kabi omillar muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston tomoni Ispaniya bozorining talablari va standartlari hamda eksport imkoniyatlari bilan tanishdi.

Uchrashuvda Madriddagi O‘zbekiston to‘qimachilik uchun ulgurji savdo zali va “showroom” ochish taklifi ham muhokama qilindi. Undan xaridorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, shuningdek, mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi bozorlarida namoyish etish va ilgari surish uchun foydalanish mumkin.

Ispaniya tomoni, jumladan, O‘zbekistonda buyurtmalar joylashtirish uchun aloqalarni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Aniq tadbirlar, mas’ul shaxslar va amalga oshirish muddatlari ko‘rsatilgan “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.


Avvalroq Spot to‘qimachilik kompaniyalari uchun ijtimoiy soliq 1% etib belgilangani haqida yozgandi.