O’zbekistonning Malayziyadagi elchisi Ravshan Usmonov Marrbrown Sdn moliya direktori Devid Liyu bilan muzokaralar olib bordi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Marrybrown Sdn. Bhd.” “halol” tamoyiliga muvofiq sertifikatlangan Malayziyadagi yirik fastfud restoranlari tarmog’i hisoblanadi. Kompaniya mamlakat bo’ylab joylashgan 138 ta restoran va mamlakatdan tashqarida joylashgan 350 dan ortiq restoranlar bilan ishlaydi.

Devid Liyu O’zbekiston tadbirkorlari bilan franchayzing asosida savdo-servis nuqtalari tarmog’ini ochish bo’yicha hamkorlikni yo’lga qo’yishga tayyor ekanini bildirdi.

“Kompaniyaning tovar belgisini uzatish shartlari va qiymati o’zbek tomonidan aniq hamkor aniqlangandan so’ng muhokama qilinadi. Mazkur brend Janubiy-Sharqiy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari orasida eng taniqlilaridan biridir va shuning uchun bu mamlakatlardan sayyohlarni O’zbekistonga jalb qilish uchun „langar biznes“ rolini bajarishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Muzokaralar yakunida Toshkentda joriy yilning aprel oyida restoran biznesida hamkorlik o’rnatish imkoniyatlarini batafsil muhokama qilish uchun “Marrybrown Sdn. Bhd.” kompaniyasining vakillari tashrif buyurishadi.