Markaziy bank iqtisodiyotning real sektori bo‘yicha o’tkazilgan so‘rovlar natijalarini taqdim etdi. 2019 yil uchun mamlakat iqtisodiyotining o‘sish sur’atlarini baholash maqsadida so‘rov doirasida korxona va tashkilotlarning yaqin istiqboldagi iqtisodiy kutilmalari o’rganildi.

Unda oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari sanoati, tibbiy xizmat, turizm, transport, qurilish ishlari sohalari, kimyo sanoati, neft-gaz sanoati hamda elektroenergetika, donni qayta ishlash, tog‘-kon sanoati, avtomobil sanoati, farmatsevtika va kabel mahsulotlari tarmoqlarida faoliyat yuritadigan jami 433 ta korxona va tashkilotlar ishtirok etdi.

2018 yilning IV choragi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 2019 yil yakuni bo‘yicha: respondent korxona va tashkilotlarning 78%ida ishlab chiqarish hajmlarining 2018 yilga nisbatan oshishi kutilmoqda.

Shuningdek, respondent korxona va tashkilotlarning 84%ida mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining 2018 yilga nisbatan oshishi, shu jumladan, korxona va tashkilotlarning 46%ida narxlar 10−15% oralig‘ida, 18%ida esa 20% va undan yuqori bo‘lishi prognoz qilinmoqda.