O’zbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari o’rtasidagi o’zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 140 million $ni tashkil qiladi, tomonlar uni 500 million $ga yetkazish istagida.

Bu haqda O’zbekiston-BAA hukumatlararo komissiyasining iqtisodiy, savdo va texnikaviy hamkorlik bo’yicha uchinchi yig’ilishida bosh vazir o’rinbosari Elyor G’aniyev ma’lum qildi:

“Biz ikki tomonlama savdo-sotiqni 500 mln $ga yetkazishimiz va yetkazib berilayotgan mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirishimiz kerak. O’zbekiston oziq-ovqat, qishloq xo’jaligi, metallurgiya mahsulotlari, avtomobillar, elektrotexnika yetkazib berishga tayyor”, — deydi bosh vazir o’rinbosari.

Uning so’zlariga ko’ra, shu nuqtai nazardan yaqin kelajakda Dubayda qo’shma savdo uylarini ochish taklif qilindi.

Elyor G’aniyev, shuningdek, hukumat Birlashgan Arab Amirliklari Iqtisodiyot vazirligi va “Mubadala Utilities” kompaniyasining bir qator issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirishni, shuningdek, davlat-xususiy sherikchilik doirasida yangi qurilishlarni amalga oshirish loyihasini to’liq qo’llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Abu-Dabi taraqqiyot jamg’armasi Samarqandda qator qo’shma loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, Fond shaharning infratuzilmasini yaxshilash (yo'llarning kengayishtirilishi, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash) uchun imtiyozli kredit ajratmoqda.

Hukumatlararo komissiya majlisida “Mubadala” kompaniyasi ishtirokida uglevodorodlarni qazib olish va chuqur qayta ishlash sohasida hamkorlikni yo’lga qo’yish masalalari muhokama qilindi.