Londondagi Collinson Group kompaniyasining moliyaviy rejalashtirish va tahlil qilish bo‘yicha katta mutaxassisi Nodirjon Nuritdinov Davlat-xususiy sektor sherikchiligi nimaligi, uning “xususiy moliya tashabbusi” modeli, shuningdek, foyda va zararlari va bu tashabbus muvaffaqiyatli bo’lishi uchun nimalar qilinishi kerakligi haqidagi tavsiyalari bilan o’rtoqlashadi.

Nodirjon Nuritdinov

Collinson Group (London) kompaniyasining moliyaviy rejalashtirish va tahlil qilish bo‘yicha katta mutaxassisi, Buyuk Kelajak kengashi eksperti

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gap ketar ekan davlat monopoliyasi va xususiylashtirish mavzusi koʻplab bahslarga sabab boʻlib kelmoqda. Bir tomondan odamlar bank, transport, avtomobilsozlik kabi sohalardagi davlat monopoliyasi va undan kelib chiqayotgan samarasizliklardan norozi boʻlishsa, boshqa tomondan davlat oʻzi uchun strategik boʻlgan sohalarni xususiy sektor qoʻliga topshirishga shoshilmayapti.

Davlat-xususiy sherikchilik nima o’zi?

Davlat xususiy sektor bilan doim hamkorlik qilib kelgan. Bu hamkorlik odatda davlat xususiy sektorga qurilish yoki xizmat uchun buyurtma berib, xarajatlarni qoplashi, yoki maʼlum xizmatlarni xususiy sektorga topshirishi (autsorsing qilishi) orqali amalga oshadi. Davlat sektorining xususiy sektor bilan hamkorlik qilish shakllari qisqacha quyidagilardan iborat:

  • anʼanaviy taʼminot;
  • autsoursing & ta’sis boshqarmasi;
  • strategik hamkorlik;
  • xususiy moliya tashabbusi;
  • lizing;
  • davlat mulki pudratchi ishlatimi (GOCO);
  • qoʻshma korxona;
  • toʻliq xususiylashtirish.

Yuqoridagi hamkorlik shakllarining har birida maʼlum bir obyekt qurilishiga yoki ma’lum bir xizmat koʻrsatishga ehtiyoj paydo boʻladi va buning uchun xususiy sektor jalb qilinadi.

Demak, davlat xususiy sektorni biror loyihaga taklif qilganida, kimga qanday masʼuliyat yuklanishi, bu ikki sektor orasidagi munosabat qanday boʻlishini belgilaydi. Bu munosabatning bir necha ko’rinishi va shakli mavjud.

Xususiy sektor loyihani ma’lum bir narxga qurib berishi, dizaynini qilib berishi, u loyihani moliyalashtirishi yoki dizaynini, qurilishini, eksluatasiyasini va ta’mirlanishini o’z zimmasiga olgan shartnomalarga qarab, sherikchilikning tanlangan modeli belgilanadi. Bundan tashqari, xususiy sektorga to’lov mexanizmiga qarab ham sherikchilik shakli belgilanadi.

Hozirda koʻp rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar orasida davlat va xususiy sektor orasidagi sherikchilikning aynan dizayn /qurish /moliyalashtirish /ekspluatatsiya /taʼmirlash modeli tanlangan. Kanadada bu model P3s, Britaniyada esa “Xususiy Moliya Tashabbusi (Private Financing Initiative)” deb ataladi.

Xususiy Moliya Tashabbusi

Bu tashabbus ilk bor Britaniyada 1991 yilda eʼlon qilingan. Oʻsha vaqtda bu tashabbus davlat va xususiy sektor oʻrtasida hali mavjud boʻlmagan sherikchilikning ilk tajribasi edi. Tashabbus shartnomasiga koʻra, davlat biror bir infrastruktura obyektini qurmoqchi boʻlsa, xususiy sektor vakillari uni loyihalashtiradi, qurilish uchun mablagʻ yigʻadi, quradi va yangi qurilgan binoni uzoq muddat (odatda 25−30 yil mobaynida) funksional holatda ushlab turadi va kerak boʻlganda taʼmirlash ishlarini amalga oshiradi.

Davlat esa bu obyekt tayyor boʻlib ishga tushganida “unitar toʻlov"ni amalga oshira boshlaydi. Bu toʻlovlar xususiy sektorni qurish jarayonida qilgan xarajatlarini, moliyalashtirish xarajat va foizlarini, ishlatish va taʼmirlash xarajatlarini inobatga olgan holda hisoblab chiqadi. Bularning barchasi davlat sektori bilan kelishiladi va loyiha muddati boʻyicha har oy toʻlovlar davlat tomonidan amalga oshirib boriladi. Toʻlov muddati oxiriga yetgach (yaʼni yuqorida aytilganidek 25−30 yil) shartnomaga qarab bu tasis yo davlat qaramogʻiga oʻtadi, yoki xususiy sektor qaramogʻida qoladi.

Misol uchun, davlat shifoxona qurishi kerak. Uning necha oʻrinlik boʻlishi, qanday boʻlimlar va qanday kasalliklarga moʻljallanishi, unga qanday uskunalar kerakligini davlat belgilab, tender eʼlon qiladi. Xususiy sektordan konsortium vakillari esa bu shifoxonaning qurilishi va uning faoliyat muddati davomida qancha xarajat talab etilishini hisoblab tenderda qatnashadilar.

Odatda qurilish xarajatlarining bir qismi konsortiumning o’zi tomonidan, bir qismi esa banklardan kredit olish orqali ta’minlanadi. Shuning uchun kredit foizi, o’z xarajatlari va foydani hisobga olgandan so’ng, 25 yillik model yasalib, davlatga topshiradi. Bu model kelajakdagi barcha xizmat, xarajat va to’lovlar uchun asos bo’ladi.

Tenderda gʻolib boʻlgan konsortiumga shartnoma berilganidan keyin, xususiy sektor qurilishini boshlaydi va bu jarayonida butun xarajatlar konsortium tomonidan qoplanadi. Shifoxona rasman faoliyat yurita boshlagan kundan boshlab, davlat oʻsha konsortiumga “unitar toʻlovlar"ni amalga oshira boshlaydi. Agar shartnomada 25 yildan keyin shifoxona davlat qaramogʻiga oʻtishi kelishilgan boʻlsa, 25 yildan keyin bu shifoxona davlat mulkiga aylanadi.

Loyiha amalga oshirish jarayonida turli maqsadlardagi yuridik tashkilotlar va “maxsus maqsaddagi shirkatlar” (Special Purpose Vehicle yoki SPV) tashkil etiladi.

Xususiy moliya tashabbusining foyda va zararlari

Ushbu tashabbus orqali hamkorlik qilishning bir nechta ijobiy taraflari mavjud:

1. Bu tashabbusning asosida turgan narsa risklar va ularni kim boshqara olish salohiyatiga ega ekanligiga qarab taqsimlanishidir. Xususiy sektor davlat sektoridan koʻra, risklarni boshqarishda samaraliroq hisoblanadi. Xususan, moliyaviy risk — xususiy sektordagi bizneslarning negizida moddiy foyda yotgani uchun ular moliyaviy zarar risklarini yaqindan kuzatib borish borasida davlatdan tajribaliroq. Ular moliyalashtirishning bir nechta manbasini biladilar va eng optimal yoʻlni tanlay oladilar.

Qolaversa, moliyalashtirish riskni xususiy sektorga taqsimlanishi ushbu loyihani oʻz vaqtida va yuqori sifatda topshirilishiga sabab boʻladi. Axir davlat tarafidan toʻlovlar faqatgina obyekt kelishilgan sifatda qurilib faoliyat yurita boshlagandan keyingina amalga oshiriladi. Lekin, risk qanchalik katta boʻlsa, xususiy sektor shunchalik katta risk premiyasini, yaʼni foydani talab qiladi.

2.Bu tashabbus loyihaning oʻz vaqtida va eng yuqori sifatda topshirilishiga sababchi boʻladi. Xususiy sektor bu borada davlat sektoridan samaraliroq hisoblanadi.

3. Ushbu tashabbus natijasida bir necha konsortiumlar bir biri bilan raqobat qilgani sababli, eng arzon va optimal narxga eng sifatli xizmat olish imkoni tugʻiladi (value for money).

4. Ayni vaqtda, bu tashabbus kattaroq raqobatga yoʻl ochganligi sababli monopoliya va korrupsiyani oldini olishga yordam beradi. Chunki bu sherikchilikning koʻngildagidek ishlashi, jarayonning shaffof boʻlishiga bogʻliq boʻladi.

5. Agar qurilish, ekspluatatsiya yoki kreditni yangilash jarayonida rejadagidan kamroq xarajat boʻlsa, koʻrilgan foyda va zarar davlat va xususiy sektor orasida tengma teng taqsimlanadi. Shu sababli davlat sektori ekslpuatasiya jarayonida tejamkorlikni koʻzlaydi va moliyaviy zarar keltirishi mumkin boʻlgan narsalardan oʻzini chetga oladi (masalan energiyani tejash, bino va uskunalarga zarar yetkazmaslik). Xususiy sektor ham doim arzonroq xizmat olish yoʻllarini koʻzlaydi.

6. Agar loyihaga oʻzgarishlar kiritilmasa, davlat oʻsha loyiha davomida qancha miqdorda pul toʻlovlari qilishi kerakligini aniq biladi. Shunga yarasha davlat oʻz moliyaviy rejalarini tuzishi osonlashadi.

7. Xususiy moliya tashabbusi ostidagi loyihaning asosiy risklari xususiy sektor tarafiga oʻtganligi sababli, loyiha qarzlari davlat balansida koʻrsatilmaydi. Bu hukumatning qarzlarini kamaytirishiga va investitsiya uchun qoʻshimcha mablagʻ olib kelishiga taqobul boʻladi. Bu bilan tashabbus davlatning “moliyaviy dilemmasini” hal qilishga yordam beradi, yaʼni qarzga chuqur kirmasdan investitsiya miqdorini koʻpaytirish.

Boshqa tomondan tashabbusni tanqid qiluvchilar quyidagi havotirlarni bildiradilar:

  1. Loyihalarga dastlabki tender xarajatlari juda yuksak boʻlishi mumkin. Bu jarayon uzaygan sari, xarajatlar ham koʻpayadi.
  2. Xususiy sektorga beriladigan kredit foizi odatda davlatga beriladigan foizdan ancha yuqori boʻlishi mumkin. Undan tashqari davlatga kredit olmasdan oʻz rezervlaridan foydalanishi arzonga tushadi.
  3. Yuqorida taʼkidlanganidek, xususiy shirkatlarning asosiy maqsadi iloji boricha koʻp foyda olish boʻlgani uchun davlatdan iloji boricha koʻproq pul undirish ilinjida boʻlish ehtimoli bor.
  4. Shartnoma tuzilib, ishlar boshlanganidan keyin, loyihaga davlat tomonidan oʻzgarish kiritish juda qiyin va qimmat boʻladi. Chunki qoʻshimcha xarajatlar qaytadan hisoblanib, modelga kiritilishi kerak boʻladi. Bu esa oson va arzon jarayon emas.
  5. Xususiy sektorga taqsimlangan risklar juda katta boʻlsa va pudratchi shirkatning bankrot boʻlishiga sabab boʻlsa, bu davlat uchun qimmatga aylanishi mumkin.

Davlat-xususiy sektor sherikchiligi qabul qilinishi va muvaffaqiyatli bo’lishi uchun nimalar qilinishi kerak?

Demak, davlat-xususiy sektor sherikchiligi nimaligini, uning “xususiy moliya tashabbusi” modelini, shuningdek, foyda va zararlari haqida qisqacha maʼlumot berishga harakat qildik. Endi, bu tashabbus qabul qilinishi va muvaffaqiyatli boʻlish uchun nimalar qilinishi kerak? Quyida shular haqida toʻxtalib oʻtaman:

1. Sherikchilik uchun maxsus huquqiy asos va qonunchilik meʼyorlarini ishlab chiqarilishi. Joriy qonun normalari va huquqiy asoslarini koʻrib chiqib, uzoq muddatli shartnomalar va soliq tizimiga kerakli oʻzgarishlarni kiritish maqsadida, mulk egaligi va shartnomalarning qonunga mosligini taʼminlash nazarimda eng zarur qadam. Bu ham investorlarga ham hukumatga aniqlik va ishonch beradi.

2. Shaffoflik. Tender jarayonidan boshlab shartnoma oxiriga yetgunga qadar boʻlgan jarayon haqqoniy va shaffof boʻlishi zarurdir. Faqat oshkora jarayondagina samarador tejash mexanizmlarni aniqlashtirish va xususiy sektor bilan davlat sektori orasida bir biriga ishonchni taʼminlanish mumkin boʻladi.

3. Davlatning sherikchilikni uzoq muddatli majburiyat deb qabul qilishi. Bu tashabbusning realizarsiyasi davlat bu masalaga qanchalik jiddiyligini koʻrsatadi. Misol uchun davlat bir ikki loyiha bilan chiqib ularni yarim yoʻlda tashlab ketsa, kelajakda bu kabi shartnomalarga sherik topishi qiyin boʻladi.

4. Tender jarayoni. Tender jarayoni iloji boricha qisqa va puxta boʻlishi undagi ortiqcha xarajatlarning oldi olinishiga yordam beradi va loyiha narxi yanada arzon boʻlishini taʼminlaydi. Buning uchun, loyiha va shartnomalar uchun standartlar ishlab chiqarish maqsadga muvofiq boʻladi.

5. Alternativ moliyalashtirish manbalarini topish/yaratish. Agar xususiy moliya bozori davlat uchun qimmatlik qiladigan boʻlsa, unda davlat sarmoyaning bir qismini oʻzi taʼminlab, oʻz loyihasida moliyaviy sherik boʻlib kirishi va/yoki alternativ va arzon moliya manbayi topish va yaratish orqali narxni yanada arzonlashtirishi mumkin. Masalan investitsiya jamgʻarmasi qurib oʻz loyihasiga oʻzi kredit berish yoʻli bilan amalga oshirishi mumkin.

6. Loyihalarni oʻzgartirishda qulaylik yaratish. Ayniqsa qurilishi bitib, ishlash jarayoniga oʻtgan loyihalarda “yumshoq xizmatlar"ni (tozalik, umumiy ovqatlanish va hk.) shartnomalarga kirgizmaslikni tavsiya qilaman. Taʼmirlash ishlarida ham xarajatlarni yaqindan kuzatish va buni shartnomalarga qoʻshish zarur.

7. Risk taqsimoti boshqaruvi (Risk management). Mavjud boʻlgan risklar doim qayta koʻrib chiqilishi shart. Risk taqsimlash jarayonida har ikki taraf oʻz zimmasiga eng optimal shaklda boshqara oladigan risk miqdorini olishi shart. Aks holda bir taraf zarar koʻradi va bu kelajakda davlat bilan xususiy sektor orasida ishonchsizlikka olib keladi.

8. Davlat oʻz loyihasida investor sifatida ishtirok etishi. Davlat oʻz loyihasiga cheklangan sarmoyador sifatida konsortium aʼzosi boʻlishi bir nechta muammoni hal qilishga yordam beradi. Birinchidan, davlat loyihani yaqindan kuzatib boradi va funksional qarorlar berilishida ishtirokchi boʻladi. Ikkinchidan, davlat hissadorlardan biri boʻlgani uchun xizmat haqlari va talab qilingan narxlarda meʼyor boʻladi. Uchinchidan, xususiy investorlar bilan davlat orasida oʻzaro ishonch va hamkorlik ruhi kuchayadi.

9. Qarzlarni yashirish. Davlat bu sherikchilikni faqatgina qarzlarini yashirish maqsadida ishlatmasligi, aksincha, infrastrukturaga qoʻshimcha investitsiya maqsadida ishlatishi zarur. Buning uchun sherikchilik ostida qurilgan loyihalar doim kuzatuv va auditdan oʻtkazilib, mustaqil tekshiruvchilar uchun maʼlumotlar ochiq va osonlikcha olinishi taʼminlanishi kerak.