Bojxona imtiyozlaridan noqonuniy foydalanish fosh etildi, xabar beradi Davlat bojxona qo‘mitasi.

Xususan, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi a’zosi hisoblanuvchi to‘qimachilik sanoati korxonalari 2021 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan muddatda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan paxta, sun’iy va sintetik tola, jun, xom ashyo va boshqa materiallar uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod qilingan.

Lekin ayrim «tadbirkorlar» yaratib berilayotgan ushbu imkoniyat va imtiyozlarni suiste’mol qilishga urinishmoqda.

Yaqinda Davlat bojxona qo‘mitasi Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi tomonidan Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi Kids Tex mas’uliyati cheklangan jamiyati mansabdor shaxslarining qing‘ir ishlariga chek qo‘yildi.

Gap shundaki, ushbu MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalar korxona ustavida ko‘rsatilgan faoliyatni amalga oshirish maqsadini ko‘zlamasdan noqonuniy yo‘llar bilan mulkiy manfaat ko‘rish maqsadida o‘zaro jinoiy til biriktirib, go‘yoki jamiyat hisobida 24 dona turli rusumdagi tikuv dastgohlari mavjudligi, ishlab chiqarish sexida esa 20 ta ishchi-xodimlar faoliyat ko‘rsatayotganligi, yiliga 9 ming dona dasturxon tekstil mahsuloti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganligi haqidagi soxta ma’lumotlar ko‘rsatilgan biznes rejani «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga taqdim etib, uyushma a’zoligiga qabul qilingan.

Korxona mansabdor shaxslari o‘tgan 2018 yil davomida umumiy qiymati 1 milliard 602 million so‘mdan ortiq har xil turdagi matolarni mamlakatimizga imtiyoz asosida olib kelgan bo‘lsa-da, ushbu matolardan tayyor mahsulot ishlab chiqarish o‘rniga ularni naqd pulga sotib yuborgan.

Tekshiruv davomida soxta ma’lumotlar asosida ish boshlagan ushbu korxona hisobida ishlab chiqarish uskunalari ham, ishchi xodimlari ham mavjud emasligi oshkor bo‘ldi.

Ushbu MCHJ mansabdor shaxslarining bojxona imtiyozlaridan qonunga xilof ravishda foydalanishlari oqibatida 1,5 milliard so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlaganliklari fosh etildi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Shu o‘rinda raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘tgan 2018 yil davomida bojxona organlari tomonidan 207 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning jami 185,1 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlaridan berilgan imtiyozlarni suiste’mol qilganliklari bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlari aniqlangan.

Joriy yilning 1 martidan e’tiboran to‘liq ishga tushirilgan xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimining afzalligi shundaki, endilikda bojxona qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymagan, bojxona to‘lovlarini o‘z vaqtida, to‘g‘ri va to‘liq to‘lab kelayotgan tadbirkorlarning bojxona yuk deklaratsiyalari tizim tomonidan avtomatik tarzda «yashil yo‘lak"ka yo‘naltiriladi. Bu esa ularning vaqti va moliyaviy xarajatlarini tejalishiga xizmat qiladi.