Prezident “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.

Qarorga muvofiq “O‘zkimyosanoat” AJ ulushlarini quyidagi tartibda sotish belgilandi:

1. Investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan potensial investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish yo‘li bilan:

  • “Samarqandkimyo” AJ ustav kapitalidagi 60,35% davlat aksiyalari va “O‘zkimyosanoat” AJning 39,65% aksiyalarini ekologik jihatdan zararsiz zamonaviy kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish sharti bilan “nol” xarid qiymatida;
  • “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MCHJ ustav fondidagi “O‘zkimyosanoat” AJning 51% ulushini korxonaning ishlab chiqarish quvvatini yiliga 200 ming tonnadan 450 ming tonnagacha oshirish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun investitsiyalarni jalb qilish sharti bilan bozor qiymatida;
  • “Qo‘qon superfosfat zavodi” AJ ustav kapitalidagi 70,54% davlat aksiyalari va “O‘zkimyosanoat” AJning 25% aksiyalari — “Indorama” (Singapur) kompaniyasiga superfosfat ishlab chiqarish quvvatini 100% sof holda 63 ming tonnaga yetkazish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan 4,3 million $ miqdorida sotib olish qiymatida;

2. “Farg‘onaazot” AJ ustav kapitalidagi 48,05% davlat aksiyalari va “O‘zkimyosanoat” AJning 2,95% aksiyalarini investor tomonidan ammiak ishlab chiqarish quvvatini yiliga 660 ming tonnaga, karbamidni — 600 ming tonnaga, ammiakli selitrani — 700 ming tonnaga va azot kislotasini — 530 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan — tanlov savdolarida bozor qiymatida;

3. “Elektrkimyozavod” QK AJ ustav kapitalidagi “O‘zkimyosanoat” AJning 26,14% aksiyalarini — ochiq savdolarda bozor qiymatida;

4. “Jizzax plastmassa” AJ ustav kapitalidagi 25%gacha aksiyalar — dastlabki bosqichda birlamchi ommaviy taklifni (IPO) o‘tkazish asosida;

5. Quyidagilar orqali:

  • “Dehqonobod kaliy zavodi” MCHJni AJga o‘zgartirish hamda jamiyatning ustav kapitalidagi 51% va undan ortiq aksiyalarni potensial investorlar mavjud bo‘lganda va ular tomonidan granulalangan xlorli kaliy, kaliy sulfati va kaliy tuzlarining boshqa turlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, yuk tashuvchi osma yo‘l va tashqi elektr ta’minoti liniyalari qurilishini yakunlash bo‘yicha investitsiya, shuningdek, ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali sotish imkoniyatini nazarda tutgan holda tanlov savdolarda bozor qiymatida;
  • “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJni AJga o‘zgartirish va jamiyatning ustav kapitalining 51%igacha bo‘lgan miqdorda qo‘shimcha chiqarilgan aksiyalarini potensial investorlar mavjud bo‘lganda va tushgan mablag‘larni jamiyat investitsiya loyihalarini amalga oshirishga hamda jalb etilgan kreditlarni so‘ndirishga yo‘naltirgan holda ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali realizatsiya qilish imkoniyatini nazarda tutgan holda ochiq savdolarda bozor qiymatida sotish.

O‘zkimyosanoat" AJ uning tarkibidagi qayta tashkil etilgan tashkilotlarga tegishli yuridik shaxslarning 50% va undan ortiq aksiyalariga egalik qilishga kirishishi yangidan xarid qilingan aksiyalar paketi deb hisoblanmaydi.