Sanjar Maqsudov bilan Spot uchun Madina Ro‘zmatova suhbatlashdi va eksklyuziv savollar berdi.

Salom. Intervyu haqida yozganimda, aslida seni aldadim — suhbatimiz boshqacharoq bo‘ladi. Hozir OAVda “muvaffaqiyat” haqidagi chiroyli va biroz sohta hikoyalar shu qadar ko‘pki, shaxsan mening ulardan ko‘nglim behuzur bo’ladi. Menimcha odamlar ularga ishonishmaydi. Istardimki, sen menga qanday qilib xatolarga yo‘l qo‘yganing va muvaffaqiyatsizliklarni qanday yengib o‘tishing haqida ochiq va ro‘y-rost so‘zlab bersang. Harakat qilib ko‘ramizmi? Hozir men senga bir jumla aytaman, sen uni davom ettirishing, rad etishing va izoh bermasliging mumkin.

Qiziqarli format, vijdonan gapirishga tayyorman.

“Manas”, Brasil, “Бамбарбия” va “Паштет” bilan yuz bergan muvaffaqiyatsizliklardan keyin (chamasi, restoranning yopilishi, har qalay muvaffaqiyatsizlik, to‘g‘rimi?) sen oldinga qadam bosding va yanada kattaroq restoranlar ochding.

Bilasanmi, har bir bosqichda qandaydir keskin o‘zgarish yuz berdi. Juda qiziq voqea bo‘lgandi. Biz Brasil’ni ochganimizda, men umuman boshqa hech narsa tashkil qilishni istamagandim. Keyinchalik kuchli zarba bergan tanglik yaqinlashardi, shuning uchun Toshkentda hech narsa ochishni istamas, Kiyev, Olmaota yoki boshqa biron joyda ish boshlash haqida o‘ylardim.

Xatto Brasilni buzganlaridan ikki xafta oldin men haqiqatan o‘z ulushimni sotish va boshqa ishga sarmoya kiritishni xohlagandim. Biroq, restoranni buzganlaridan keyin (uch kun avval ogohlantirish bilan keldilar-da, binomizni bo‘shatishni so‘radilar va bir tiyin ham tovon puli to‘lamadilar), shu qadar g‘azabga to‘ldimki, “Shoshmay turinglar, men xali sizlarga ko‘rsatib qo‘yaman!"deb bir qarorga keldim.

Va deyarli bir vaqtning o‘zida bir yo‘la uchta restoran ochdim, shu bilan birga to‘rtinchisi ustida ishlashga kirishdim. Keyin “Kino uyi"ni buzdilar (“Бамбарбия” va “Паштет”), u yerda juda iqtidorli yigitlar ishlashardi. Ularni biz o‘zimiz tarbiyalab yetishtirgandik, Jamoa bilan nimadir qilish kerak edi — ularni ko‘chada qoldirolmasdim ahir. Yana bir narsa, Brasil’ni buzishni boshlaganlarida men faqat jamoa haqida o‘ylagandim.

Ya’ni shuning uchun yangi restoranlarni ochding?

Bolalarga javob berib yuborishga ko‘nglim bo‘lmadi, ularning o‘zlari ham buni xohlashmasdi, ko‘p vaqtdan beri birga edik. Shunday qilib sen aytgan omadsizliklar yangi restoranlar ochishimizning asosiy sababi bo‘ldi.

“Sulton Sulaymon” loyihasiga ham jamoani yo‘qotib qo‘ymaslik uchun qo‘l urdik. To‘g‘risi, bu bizning loyiha emasdi. Na bizning g‘oya, na bizning energetika. Biz mohiyatan, tayyor “milliy taomlar"ga keldik, keyin esa uni bu formatdan olib chiqishga kirishdik.

Buning ustiga restoran ochilishidan ikki xafta avval na personal, na idish-tovoqlar, na jihoz va na taomnoma bor edi. So’ngra, barcha jarayonlarni yo‘lga qo‘ygandan keyin qarasak, biz u yerda uncha kerak emas ekanmiz va loyihani tark etdik. Mavr o‘z ishini qildi.

Biroq miqdor jihatidan olganda, ayni shu muvaffaqiyatsizliklardan keyin biz faoliyatimizdagi eng katta restoranlarni ochdik. O‘shanda bizni bir boshini kessang, o‘rniga ikkita bosh o‘sib chiqadigan ajdar deb atashgandi. Biz o‘sha onlarda chindan-da qattiq o‘sdik. Hozir men o‘sha o‘sishni ataylab tutib turibman.

Sanjar Maqsudov hech narsadan qo‘rqmaydi.

Bo‘lmagan gap. Men ham odamman, mening ham qo‘rqadigan narsalarim oz emas. Ularni topganimda esa juda quvonaman.

Bu haqda biror bo‘lgan voqeani so‘zlab ber.

Ilgari mening loyihalarim, restoranlarimga til tekkizishsa juda jahlim chiqardi. Ba’zan hozir ham g‘azablanaman, biroq qandaydir daqiqada g‘azab — qo‘rquv ekanini tushundim. Agar qo‘rquv bo‘lsa, demak jonli energiya manbai ham bor, menga u bilan ishlash yoqadi.

Kel, yaxshisi, seni kechinmalardan nari qilish uchun, mana bu mavzuda so‘zlashamiz. O‘zbekistonda biznes qilish oson emas.

Yo‘q, aksincha, ko‘p jihatdan boshqa mamlakatlardagiga qaraganda oson. Biz bu yerda qiladigan xatolar uchun boshqa mamlakatlardagi bozor kechirmagan bo‘lardi. Bozor bo‘sh, katta xorijiy kompaniyalar hozircha xatarlar tufayli bu yerga kelmayapti va xatolar bizga juda ham qimmatga tushmaydi.

Mish-mishlarga ko‘ra, “Manas"ni raqobatchilar yoqib yuborganmish.

Ha. Yana shunday tahmin ham bor, go‘yo shov-shuv uchun buni biz o‘zimiz qilganmishmiz. Yo‘q, u yerda haqiqatan ham qisqa tutashuv bo‘lgan edi, hech kim yoqmagan.

“Manas” yonganda sen qayerda eding, senga qo‘ng‘iroq qilishdimi, bu haqda xabar berishdimi?

Uyda edim. U yerda qiziq voqea bo‘lgandi. O‘shandan bir soat avval Saida (Saida Azizova, Smart Group’ning rivojlantirish bo‘yicha direktor- tahrir.) bilan suhbatlashgandik. Men yana bir bor joy egasi bilan ijara masalasida tortishib qolgandim va o‘shanda bu ishni xal qilish lozim, deb aytgandim. Xatto ketish kerak, deganman. Shundan bir soat o‘tib, menga qo‘ng‘iroq qilib, yong‘in chiqqanini aytishdi. Men yo‘lda ketarkanman, u yerda sim yongandir yoki mebel ishdan chiqqandir, deb o‘ylagandim. Yetib kelib qarasam, “Manas” butkul yonib bitibdi.

Foto: “Газета.uz”

Sen nima qilding?

Saidaga hammasini shunday tushunish kerak emas edi, deb aytdim (kuladi) Biroq, “Manas” bilan bo‘lgan voqeada men uni yangitdan ochishimizni va nima qilish kerakligini yaxshi bilardim.

Siz o‘shanda rosa shov-shuv ko‘targandingiz. Yong‘inda va undan keyin butun boshli kampaniyani yo‘lga qo‘ydingiz. Hamma sizlar restoranni tez ochishingizni kutgan edi, ammo bu darrov bo‘lmadi.

Biz avvalgi joyimiz egasi bilan baribir kelishuvga erisha olmadik. Yangi “Manas"ni ochish uchun uzoq vaqt joy qidirdik, keyin uni topib ish boshlagan vaqtimizda pulimiz qolmadi.

Nega bu g‘oyadan voz kechmading? “Блинофф” bilan bo‘lgani kabi.

Voz kechish gunoh edi. G‘oya miyamdan ketmasdi, hamma mendan “Manas” qachon ochilishini so‘rayverardi. “Блинофф” masalasida esa, u yerda brend “o‘lgan” va uni qayta tiklashdan foyda yo‘q edi. Va men biz yangi “Manas"ni ochgan zahotimiz u meni to‘lqinlantirishini tushunardim.

Biz uch oyni mo‘ljal qilgandik, 15 kunda foyda ola boshladik.

“Manas” yonganda bir muddat ancha ommalashganding, bir yo‘la bir necha intervyu berding, ko‘rsatuv va iventlarda chiqding. Hozir ancha ko‘rinmay qolding.

Men o‘shanda “yong‘indan keyingi mashhurlikdan” chin ma’noda charchagandim. Hozir o‘z IT-loyihalarimda ko‘p ishlayapman va ularda biz kichik inqilob tayyorlayapmiz! Mediayulduz bo‘lishga vaqtim yo‘q, biroq suhbatlar uchun ochiqman. Mana sen bilan so‘zlashyapman-ku.

Sen jamoang to‘g‘risida ko‘p gapirding, ular uchun ko‘p ish qilyapsan. O‘zing uchun esa nima qilyapsan?

Qilayotgan ishlarimning barchasi mutlaqo o‘zim uchun. Agar zavq olmasam, loyiha menga yoqmasa, men qilmayman.

Muvaffaqiyatsizliklaring oqibatida qancha pul yo‘qotding?

Hech qachon hisoblamaganman. O‘ylashimcha million dollardan ortiq. Faqatgina Brasilning o‘zi 800 000 $ga baholangan edi va restorandan qolgani mebel va chiqindi bo‘ldi.

Bizda ommaviy restoratorlar uncha ko‘p emas va negadir har biri atrofida ma’lum afsona aylanib yuradi. Sizlarning har biringizda qandaydir qo‘llab-quvvatlash, ma’muriy resurs bor…

“Tank”? Boshqalarda qanday, bilmayman, menda esa yo‘q.

Men “tank"ga ega bo‘lish va kimdir seni nimadandir himoya qilishi mumkinligi noto‘g‘ri va ahmoqona, deb hisoblayman.

Agar bir kishi kelib, senga pulga nimadir beradigan bo‘lsa (himoya qilish emas, balki berish) — bu ham biznes-taklif bo‘ladi. Agar aniq shartlar bo‘lmasa va kishi shunchaki: “Kel, sen menga pul berasan, men esa seni himoya qilaman”, desa, unda bu g‘alati. Seni nimalardandir saqlash mumkinligi haqida o‘ylash ahmoqlik. “Tank"lar mavjud emas.

Yana bir afsona yoki voqelik. Har qanday restoranda o‘g‘irlik bo‘ladi.

Ha.

Kommersant.uzga bergan intervyuingda sen o‘g‘rilik uchun ishdan xaydashingni aytgan eding.

O‘g‘rilik uchun hamma ishdan haydaydi. Ahir, odamlar hamisha ko‘proq olish va kamroq ish qilishga harakat qiladi. Statistikaga murojaat qiladigan bo‘lsak, 20% odamlar har qanday holatda o‘g‘rilik qiladi. Odamlarning yana 20%i hech qachon o‘g‘rilamaydi. Qolganlar esa bu yerda qanday qabul qilingan bo‘lsa, shunday ishlaydi.

Foto: Rinata Kupayeva

Sening restoranlaringda o‘g‘rilik qilish qabul qilinganmi?

Yo‘q. Va biz hozir Jowi (restoranni avtomatlashtirish va riteyl tizimi — tah.) jamoasi bilan o‘g‘irlashdan foyda chiqmasligi uchun shunday tizimni ishlab chiqyapmiz. Bu har qanday mamlakat, har qanday mentalitetda ish beradi. Tizimni chetlab o‘tish juda qiyin. Va bu ham restoran biznesini o‘zgartiradi.

Biz avtomatlashtirishni davom ettirishni istaymiz: to‘g‘ri tizimni vujudga keltiramiz, restoranni boshidan qayta ko‘rib chiqamiz -xodimlardan to hisob-kitob ishigacha va daromad oshishini kafolatlaymiz.

Sizlarni nimalarnidir qilishga o‘rgatadigan konsalting kompaniyalar bor, biroq sizlarga bu kerak emas. Kimdir kelishi va siz uchun hammasini qilishi lozim, agar u buning ustiga natijani kafolatlaydigan ham bo‘lsa, nur ustiga nur!

Biz o‘zi rivojlanadigan korxona tashkil etamiz, unda menejerlar va sizni kamida amaliyotga o‘rgatadiganlar kerak emas. Buni hech kim qilmaydi. Buni birinchi bo‘lib joriy etganlar esa, tabiiyki, raqobatda ustunlik oladi.

Ayrimlarni men ham restoratorligim va qandaydir ma’lumotlardan foydalanishim mumkinligi cho‘chitadi, biroq bu ma’lumotlarni arzon-garovga har qanday korxona xodimidan sotib olish mumkin.Menga bunday tizimning nima keragi bor? Tanganing ikkinchi tomonini ko‘rish lozim: men — restoratorman va Jowida — mening dardim va uning yechimi.

Menga qara, ko‘pincha sening g‘oyalaringni o‘g‘irlashadi.

Nima bo‘libdi, men ham ko‘pincha g‘oyalarni o‘g‘irlayman va ulardan nusxa olaman.

Men hozir bunga baho berishni emas, balki restoran biznesida raqobat ko‘pligiga e’tibor qaratmoqchiman…

Ha, raqobat hamma yerda bor, shunchaki ular, masalan, telekomdagiga qaraganda maydaroq.

Rossiyalik restorator bilan mojaro haqida so‘zlab ber.

Kim bilan? Mironovmi? U — tentak.

U bilan ziddiyat raqobat tufayli kelib chiqdimi yoki…

Yo‘q, bu mutlaqo shaxsiy, xatto men bilan ham bog‘liq emas, u bu voqeani biznesga o‘tkazishga urindi. Nailoj, hamma narsa o‘zgaradi.

Hammasi o‘zgaradi. Juda qiziq mavzu, shu haqda so‘zlashaylik. Yuqori soliqlar va QQS restoran biznesini “o‘ldiradi"mi?

Bilasanmi, yuqori soliqlar agar ularni hamma to‘laydigan bo‘lsa qo‘rqinchli emas. Yomoni shundaki, sen soliqlarni to‘laysan (shu jumladan QQS ni ham), sening, shartli ravishda aytganda “qo‘shning” to‘lamasligi. Yo biz hammamiz panadan chiqamiz, yo bo‘lmasa bozorni butunlay qo‘yib yuborish lozim. QQS bilan bog‘liq muammo esa o‘ylab chiqarilgan.

Hammaga va hamma narsaga qo‘l siltaging kelgan va shunday qilgan paytlar bo‘lganmi?

(O‘yga tolib) Huquq-tartibot organlaridan ketganimda. O‘shanda bir biznesmenni olib kelishgandi, xato qilgan, oddiy, o‘rtacha tadbirkor. U qandaydir arzimas jinoyat sodir etgan edi. Men esa iqtisodiy jinoyatlar bo‘limida ishlardim.

Aslini olganda, o‘sha vaqtlarda biznesni oqlash deyarli mumkin emas edi, hamma qonunbuzarlik qilardi, bu esa qo‘lga tushdi. Unga yaxshigina qamoq muddati xavf solardi, men esa uni qo‘yib yubordim. O‘shanda rahbariyat ta’zirimni bergandi.

Biroq shu voqeadan keyin men yoqimsiz narsani aniq ko‘rdim. Hech narsa yaratmasligim, balki vayron qilayotganimni tushundim va o‘z hayotimda nimanidir o‘zgartirishni xohladim.

Foto: Rinata Kupayeva

Bu tanloving atrofingdagilarga g‘alati ko‘rinmadimi, seni qoralashmadimi? Huquq-tartibot tuzilmalarida ishlash bizda nufuzli va sharafli.

Ha, mutlaqo hamma. Yaqinlarim meni aqldan ozgan deb o‘ylashdi. “Qayerga ketyapsan?”, “Bundan buyon qanday yashamoqchisan?”, “Qanday ishni tashlayotganingni tushunyapsanmi”, “Odamlar sen bilan salom-alikni yig‘ishtirib qo‘yishadi…”.

“Hammasiga qo‘l siltash” mavzusini davom ettiramiz. Ko‘pchilik ketyapti…

Va bu normal holat. Odamlar hamisha o‘zi uchun yaxshi narsa qidiradilar. Ammo ko‘pincha o‘zlaridan qochish uchun ketadilar. Odam o‘zidan, o‘zligidan qocha olmaydi, qayoqqa ketsang ham muammolaringni o‘zing bilan olib ketasan.

Farzandlaringga ko‘p vaqt ajrata olasanmi?

Afsuski, yo‘q. Ular qanday o‘sayotganini ko‘rolmayotganimdan afsusdaman. Biroq nadomatlar bo‘lsinki, hech qachon buning o‘rnini to‘ldira olmayman ham. Endi hech narsani tuzatib bo‘lmaydi va qizim bilan munosabat ham borgan sari murakkablashib boryapti.

Shunday narsalar va odamlar borki, ular kishining qonini qaynatadi.

Qachonki odam doim “jabrdiyda” holatida bo‘laversa, qonim qaynaydi. Men o‘zimni ongli ravishda bundaylardan nari tutishga harakat qilaman. Menga odamdagi eng g‘ashga tegadigan jihat, “hamma aybdor” bo‘lgan paytda u o‘zini butunlay D’Artanyan deb his qilishidek bo‘lib tuyuladi. Yana tor fikrlashni va bunda seni manipulyatsiya qilishga uringanlarini ko‘rganimda jahlim chiqadi.

Yaqinlaring seni qo‘llab-quvvatlashadimi?

Umuman olganda, ha. Qaysidir narsalarda, albatta, murosa qilish qiyin.

O‘z restoranlaringni yopayotganda yig‘laganing yo‘q.

Har safar menga 100 dan ortiq yoshli ko‘zlar qarab turardi. Bu juda og‘ir. Men ham ular kabi ruhan azoblangandim, biroq kimdir o‘zini qo‘lga olishi va vaziyatni nazorat qilishi lozim edi. Meni ayniqsa qiynoqqa solgani bu — jamoa tarqalib ketishi va bolalarning boradigan joy yo‘qligi edi (pauza). Bu rostdan ham juda qiyin.

Foto: Rinata Kupayeva

Oxirgisi. Men bu so‘zlarni “Muvaffaqiyatsizlik bahosi” turkumidagi barcha maqolalarning qahramonlariga aytaman. Jumlaning davomi: “Muvaffaqiyatsizlikning bahosi bor, biroq…”

Siyqasi chiqqan savol.

Bu savol emas.

Yaxshi. Muvaffaqiyatsizlikning bahosi bor va u hamisha adolatli. Agar sen yomon ahvolga tushib qolgan bo‘lsang, buning sababi o‘zing shunga yo‘l qo‘yding.

Sanjar Maqsudov 1977 yili 30 avgustda Toshkentda tug‘ilgan. Sharqshunoslik institutining Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetini tugatgan. Ish tajribasi: IIV (tezkor xodim), SmartGas MChJ (gaz jihozlari yetkazib berish). 2003 yildan -Smart Group Restaurantsning (“Manas”, “Будильник”, “Винарыба”, Steam bar, Green restoranlariga ega bo‘lgan restoran xoldingi) boshqaruvchi hamkori.