Prezident raisligida 8 aprel kuni joriy yilning birinchi choragida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarning amalga oshirilishini tahlil qilish, birinchi yarim yillikka doir vazifalarni belgilash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Shavkat Mirziyoyev investitsiyalarning o‘z vaqtida o‘zlashtirilishini ta’minlash uchun yangi nazorat tizimini joriy etishni taklif qildi.
Unga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi barcha loyihalar to‘rtta ro‘yxatga bo‘linib, alohida va izchil nazorat qilib boriladi:
- birinchi ro‘yxatga joriy yilda 3,6 milliard $ xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi mo‘ljallangan 27 ta eng muhim strategik loyihalar kiritiladi va u Prezidentning doimiy nazorati ostida bo‘ladi;
- ikkinchi ro‘yxat shu yili 1,3 milliard $ xorijiy investitsiya o‘zlashtiriladigan 65 ta yirik loyihadan iborat bo‘lib, uni Bosh vazir nazorat qilib boradi;
- bosh vazir o‘rinbosarlari nazorat qiladigan uchinchi ro‘yxatga 407 million $ xorijiy investitsiya o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan 65 ta loyiha kiritiladi;
- to‘rtinchi ro‘yxatdagi loyihalarni hududlarga biriktirilgan markaziy idoralar rahbarlari va hokimlar nazorat qiladi.
Investitsiyaviy loyihalar ijrosi doimiy ravishda muhokama qilinib, muammolar tezkorlik bilan hal etib boriladi.
Prezident to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish borasida imkoniyatlar to‘liq ishga solinmaganiga e’tibor qaratib, tarmoqlar va hududlarda yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tarmoq vazirliklari bilan birgalikda neft-gaz, kimyo, energetika, qurilish materiallari, mashinasozlik, elektr texnikasi sohalarida, shuningdek, hududlardagi mavjud salohiyat va resurslaridan kelib chiqib, har bir tuman va shahar bo‘yicha qo‘shimcha investitsiya loyihalari ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
“O‘zbekiston bilan ishlash istagini bildirgan xorijiy investorlar bilan mustahkam aloqa o‘rnatib, loyihaning boshidan oxirigacha ularga yordam berish, oddiy qilib aytganda, ularni „qo‘lidan yetaklab“ natijani ta’minlash kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Keyingi yildan boshlab investitsiya dasturlari uch yillik qilib shakllantirilishi, barcha tarmoqlar va hududlar bunga tayyorgarlikni bugundan boshlashi zarurligi ta’kidlandi.
2019 yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq jami 3 ming 200 dan ziyod investitsiya loyihasi doirasida qariyb 14 milliard dollar miqdoridagi kapital qo‘yilmalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Shundan 4 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish belgilangan.