Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi Germaniyaning qishloq xo‘jaligi va turizm sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalarida 6 oy muddatda stajirovka o‘tashga mo‘ljallangan dastur uchun tanlov e’lon qildi.

Tanlovda O‘zR OTMlari magistraturasida tahsil olayotgan 22 yoshdan kichik bo’lmagan O’zbekiston fuqarolari ishtirok etishlari mumkin. Nomzodlardan ingliz yoki nemis tilida erkin so‘zlasha olish talab etiladi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi stajirovka o‘tash uchun tanlangan nomzodlarning yo‘l xarajat (aviato‘lovlar, aeroportdan stajirovka o‘tash joyigacha bo‘lgan xarajat)larini o‘z zimmasiga oladi. Qolgan barcha xarajatlar, shu jumladan, har oylik stipendiyalar Germaniya kompaniyalari tomonidan qoplanadi.

Tanlov quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

  • 2019 yil 25 — 30 may kunlarida nomzodlar “El-yurt umidi” jamg‘armasi va “LOGO” NNT vakilari tomonidan test sinovi va suhbatdan o‘tkaziladi.
  • Iyun oyi oxirigacha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarning hujjatlari Germaniya kompaniyalariga taqdim qilinadi.
  • 31 iyulga qadar tanlovning yakuniy natijalari bo‘yicha nomzodlar Germaniya kompaniyalariga joylashtiriladi.

Arizalar 25 mayga qadar havola orqali qabul qilinadi. Tanlovda ishtirok etish shartlari va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar bilan yo‘riqnoma orqali tanishish mumkin.